') //-->
22.1 . Ey, insonlar! Rabbingizdan qo'rqingiz! Zero, qiyomat zilzilasi ulkan (dahshatli) narsadir.
22.2 . Uni ko'radigan kuningizda har bir emizuvchi (ona) emizib turgan (bolasi)ni unutar va har bir homilador o'z homilasini tashlar hamda odamlarni "mast" holda ko'rasiz, holbuki, ular mast emaslar, lekin Allohning azobi qattiqdir.
22.3 . Odamlar orasida o'zi bilmagan holda Alloh xususida munozara qiladigan va har qanday itoatsiz shaytonga ergashib ketadigan kimsalar ham bordir.
22.4 . Uni do'st tutgan kimsani, albatta, yo'ldan ozdirish va do'zax azobiga yo'llash uning zimmasiga yozib qo'yilgandir.
22.5 . Ey, insonlar! Agar sizlar qayta tirilishdan shubhada bo'lsangizlar, (qaranglar), Biz sizlarga (Allohning qudratini) bayon qilish uchun sizlarni (otangiz Odamni) tuproqdan, so'ngra (Odam naslini) maniydan, so'ngra laxta qondan, so'ngra (shakllanib) bitgan va bitmagan parcha go'shtdan yaratdik. Biz (sizlarni) xohlaganimizcha - muayyan muddatgacha bachadonlarda qoldirib, so'ngra chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarurmiz, so'ngra voyaga yetgunlaringizgacha (tarbiya qilurmiz). Sizlardan (go'daklik va yoshlikda) vafot etadiganlar ham bo'lur, yana sizlardan bilimlarni bilganidan so'ng hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga (o'ta keksalikka) qaytariladiganlar ham bo'lur. Yerni qo'riq holda ko'rursiz. Bas, qachonki, Biz uning ustidan (yomg'ir) yog'dirsak, u harakatga kelib ko'pchir va turli go'zal (nabotot) juftlarini undirur.
22.6 . Bu Alloh Haq ekani va Uning o'zi o'liklarni tiriltirishi hamda U hamma narsaga qodir ekanidandir.
22.7 . Yana aniqki, qiyomat shaksiz keluvchidir va albatta, Alloh qabrdagilarni tiriltirur.
22.8 . Odamlar orasida Alloh haqida munozara qiladiyu, lekin o'zi ilmsiz, hidoyat topmagan, biror nurli Kitobi yo'q,
22.9 . (to'g'ri yo'ldan) bo'yin tovlab, (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan ozdirish maqsadida yuradiganlar ham bordir. Uning uchun bu dunyoda rasvolik bo'lur, qiyomat kunida esa unga yong'in azobini totdirurmiz.
22.10 . (Unga dermiz): "Bu (azob) o'z qo'llaring (bilan) qilgan gunohing sabablidir. Zero, Alloh sira bandalariga zulm qiluvchi emasdir".
22.11 . Odamlar orasida Allohga bir ёqlama (til uchida) ibodat qiladigan kimsalar ham bordir: bordiyu unga yaxshilik yetsa, o'sha sababli xotirjam bo'lur, agar biror baxtsizlik yetsa, (dindan) yuz o'girib ketur. (U) dunyoyu oxiratda ziyon ko'rur. Bu esa aniq ziyondir!
22.12 . U, Allohni qo'yib, o'ziga zarar ham, foyda ham bera olmaydigan narsalarga iltijo qilur. Bu qattiq adashishning o'zidir!
22.13 . U, zarari foydasidan yaqinroq bo'lgan "kimsa"larga iltijo qilur. Ular naqadar yomon "xoja" va naqadar yomon "oshno"dir!
22.14 . Albatta, Alloh imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga doxil qilur. Albatta, Alloh xohlagan (ish)ini qilur.
22.15 . Kimda-kim: "Alloh unga (Payg'ambariga) dunyo va oxiratda sira yordam qilmas", - deb gumon qilsa, bir arqon bilan shiftga osilib, (o'zini) bo'g'sin, so'ng qarasin, (bu) makri g'azabini ketkazarmikan.
22.16 . Biz uni (Qur'onni) mana shunday bayon etuvchi oyatlar shaklida nozil qildik. Alloh o'zi istagan kishilarni hidoyat qilur.
22.17 . Darhaqiqat, imon keltirganlar, yahudiy bo'lganlar, sobiiylar (farishtalarga sig'inuvchilar), nasroniylar, majusiylar (otashparastlar) va mushrik bo'lganlar - aniqki, Alloh qiyomat kunida ularning o'rtasini ajrim qilur. Albatta, Alloh barcha narsaga shohiddir.
22.18 . (Ey, Muhammad,) osmonlardagi va Yerdagi bor jonzot, quyosh, oy, yulduzlar, tog'lar, daraxtlar va (barcha) jonivorlar hamda ko'p insonlarning (yolg'iz) Allohga sajda qilishini ko'rmadingizmi? Ko'p (odam)larga esa (kofir bo'lganlari sababli) azob haq bo'lgandir. Kimni Alloh xor qilsa, bas, uni aziz qiluvchi yo'qdir. Albatta, Alloh o'zi xohlagan narsani qilur!
22.19 . Mana shu ikki raqib (mo'minlar bilan kofirlar) Parvardigorlari(ning dini) xususida talashdilar. Bas, kofir bo'lganlar uchun olovdan kiyimlar bichilib, boshlaridan qaynoq suv quyulur.
22.20 . U (suv) bilan ularning qorinlaridagi narsalar ham, terilari ham eritib yuborilur.
22.21 . Ular uchun temir gurzilar bordir.
22.22 . Har gal ular (do'zax) g'amidan (qochib) chiqmoqchi bo'lsalar, (gurzilar bilan urilib) yana unga qaytarilurlar va (ularga): "Yong'in azobini totingiz!" (deyilur).
22.23 . Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga doxil qilur. Ular u joyda oltin bilakuzuklar va marvaridlar bilan bezalurlar, liboslari esa harir (ipak) bo'lur.
22.24 . Ular (bu dunyoda) xush so'zga ("Alloh yagonadir", degan so'zga) hidoyat qilinganlar va hamd egasi (Alloh) yo'liga yo'llanganlardir.
22.25 . Albatta, o'zlari kofir bo'lgan va (o'zgalarni) Alloh yo'lidan hamda Biz Makka ahli uchun ham, (xorijdan) keluvchilar uchun ham barobar qilib qo'ygan Masjidul-Haromdan qaytaradigan kimsalarga va u joyda zulm bilan yo'ldan chiqmoqchi bo'lgan kimsaga alamli azobdan totdirib qo'yurmiz.
22.26 . (Ey, Muhammad,) eslang, Biz Ibrohimga Baytulloh o'rnini belgilab berib, (unga shunday dedik): "Menga biror narsani sherik qilmagin va Mening Baytimni tavof qiluvchilar, (namozda) tikka turuvchilar, ruku' va sajda qiluvchilar (ya'ni, hojilar va namozxonlar) uchun poklagin!
22.27 . Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin: ular sen sari piyoda va har qanday tuyada uzoq yo'llardan kelurlar.
22.28 . Ular o'z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo'lish uchun va ma'lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so'yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o'zlaringiz ham yeyaveringlar, bechora kambag'allarga ham yediringlar!
22.29 . So'ngra kirlarini ketkazsinlar (ya'ni, ehromdan chiqib, soch oldirib, toza liboslarini kiysinlar), nazrlarini (haj majburiyatlarini) ado qilsinlar va "Qadim Uy" (Ka'ba)ni tavof qilsinlar!
22.30 . (Ish) shudir. Kimki Alloh harom etgan narsalarni e'zozlasa (rioya qilsa), bas, bu Parvardigori nazdida o'zi uchun yaxshidir. Sizlar uchun (harom ekanligi) tilovat qilinadigan narsalardan boshqa (barcha) chorva mollari halol qilindi. Bas, butlardan iborat najosatdan uzoqlashib, yolg'on so'zdan ham chetda bo'lingiz!
22.31 . Allohga chin ixlos qilib, Unga shirk keltirmagan holingizda (mazkur ishlarni bajaring). Kimki Allohga shirk keltirsa, bas, u go'yo osmondan qulagan va uni qushlar (o'lja qilib) olib ketgan yoki uni (qattiq) shamol yiroq joylarga uchirib ketgandekdir.
22.32 . (Ish) shudir. Kimki Alloh shiorlari (haj qurbonliklari)ni hurmat qilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir.
22.33 . Sizlar uchun ularda (qurbonliklaringizda) ma'lum muddatgacha manfaatlar bordir (ya'ni, yo'lda ularni qo'zilatib, sog'ib, minib foydalanib ketishlaringiz mumkindir). So'ngra "Qadim Uy" (Ka'ba) ularni so'yish joyidir.
22.34 . Biz (o'tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva hayvonlarini (so'yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun - qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo'yin suningiz va itoat qiluvchilarga xushxabar bering!
22.35 . Ular Alloh zikr qilinganida dillari qo'rquvga tushadigan, o'zlariga yetgan balolarga sabr qiladigan, nomozni mukammal ado etadigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan ehson qiladigan zotlardir.
22.36 . (Qurbon qilinadigan) tuya-mollarni Biz sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik. Sizlar uchun ularda yaxshilik bordir. Bas, ularga (so'yish uchun) tizib qo'yilgan hollarida Alloh nomini zikr qilingiz! Endi qachon yonboshlari bilan tushganlarida (jonlari chiqqanda) ulardan (o'zlaringiz ham) yeyaveringlar, tilanchiga va so'rayolmay turgan muhtojga ham yediringlar! Shukr qilishlaringiz uchun Biz ularni (chorva mollarini) sizlarga buysundirdik.
22.37 . Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham yetmas. Lekin, u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli - U zotni ulug'lashlaringiz uchun - ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!
22.38 . Albatta, Alloh imon keltirganlarni mudofaa qilur. Albatta, Alloh barcha xoin va noshukrlarni suymas.
22.39 . Hujumga uchrayotgan (musulmon)larga mazlum bo'lganligi sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir.
22.40 . Ular o'z diyorlaridan faqatgina "Rabbimiz Allohdir", deganlari uchun quvilgan edilar. Agar Alloh odamlarning ba'zilarini ba'zilari bilan daf etib turmas ekan, albatta, Alloh nomi ko'p zikr qilinadigan (rohiblarning) uzlatgohlari, (nasroniylarning) butxonalari, (yahudiylarning) ibodatxonalari va (musulmonlarning) masjidlari vayron qilingan bo'lur edi. Albatta, Alloh o'ziga (diniga) yordam beradiganlarga yordam berur. Shubhasiz, Alloh kuchli va qudratlidir!
22.41 . Ular (musulmonlar), agar Biz ularni yer yuziga g'olib qilsak - namozni mukammal ado etadigan, zakotni beradigan, yaxshilikka buyuradigan, yomonlikdan qaytaradigan zotlardir. (Barcha) ishlarning oqibati Allohning izmidadir.
22.42 . (Ey, Muhammad,) agar ular (Makka mushriklari) Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, (bilinki) ulardan ilgari Nuh qavmi, Od, Samud (qabilalari) ham (o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni) yolg'onchiga chiqarganlar.
22.43 . Ibrohim qavmi, Lut qavmi ham xuddi shunday.
22.44 . Madyan (shahrining) aholisi ham (shunday qildilar). Muso ham yolg'onchiga chiqarildi. Men kofirlarga muhlat berib qo'yib, so'ngra ularni (o'z azobim bilan) ushladim. Bas, Mening qarshiligim qanday bo'ldi?!
22.45 . Zotan, qanchadan-qancha zolim (kofir) bo'lgan hollarida Biz halok qilgan, tomlari (yiqilib) huvullab qolgan qishloq (shahar)lar, (qancha) tashlandiq quduqlar va yuksak (lekin kimsasiz) qasrlar bordir.
22.46 . Axir, ular (Makka mushriklari) yer yuzida sayr qilmaydilarmi, (ana o'shanda) ular uchun ongli dillar, tinglaydigan quloqlar bo'lur edi. Zero, ko'zlar ko'r bo'lmas, balki ko'kraklardagi qalblar ko'r bo'lur.
22.47 . Ular Sizdan (istehzo bilan Alloh va'da etgan naqd) azobni qistaydilar. Holbuki, Alloh va'dasiga sira xilof qilmas. Darvoqe, Rabbingiz nazdidagi bir kun(lik azob) sizlarning hisobingizdagi ming yilga barobardir.
22.48 . Qanchadan-qancha zolim (kofir) bo'lgan hollarida Men muhlat berib qo'yib, so'ngra (azobim bilan) ushlagan qishloq (shaharlar) bo'lgan. Mengagina qaytish(ingiz) bordir.
22.49 . Ayting: "Ey, insonlar, men sizlar uchun aniq ogohlantiruvchidirman, xolos".
22.50 . Bas, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlar uchun mag'firat va farovon rizq bordir.
22.51 . Bizning oyatlarimizni ojiz qoldirishga uringan kimsalar esa, ular do'zax ahlidirlar.
22.52 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizdan ilgari yuborgan har bir elchi va payg'ambar qachon (o'ziga nozil bo'lgan oyatlarni) qiroat qilsa, shayton uni qiroatiga (boshqa narsalarni) tashlagan (qo'shgan). Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsani bekor qilur, so'ngra Alloh o'z oyatlarini mustahkam qilur. Alloh ilm va hikmat egasidir.
22.53 . (Alloh) shayton tashlaydigan narsani dillarida illati bo'lgan (munofiqlar), toshbag'ir kimsalar (kofirlar) uchun sinov sifatida (paydo qilur). Darhaqiqat, zolim (kofir)lar uzoq ixtilofdadirlar.
22.54 . Ilm ato etilgan kishilar esa u (Qur'on)ning Rabbingiz tomonidan kelgan Haqiqat ekanini bilib, unga imon keltirishlari, dillari u sababli ixlosli bo'lishi uchun (Alloh shunday qilur). Darhaqiqat, Alloh imon keltirganlarni To'g'ri yo'lga hidoyat qiluvchidir.
22.55 . Kofir bo'lganlar, to ularga to'satdan qiyomat kelgunicha yoki (bu) "tug'mas" (tuni bo'lmas) Kunning azobi kelgunicha, (Qur'on)dan shak-shubhadadirlar.
22.56 . U kunda hukmronlik (yolg'iz) Allohnikidir. Uning o'zi ular o'rtasida hukm qilur. Bas, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar noz-ne'mat jannatlaridadirlar.
22.57 . Kofir bo'lgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar, ana o'shalar uchun xor qiluvchi azob bordir.
22.58 . Alloh yo'lida hijrat qilgan, so'ngra qatl qilingan yoki vafot topgan zotlarni, albatta, Alloh go'zal rizq (mangu jannat) bilan rizqlantirur. Darhaqiqat, Allohning o'zi eng yaxshi rizq beruvchidir.
22.59 . Albatta, (Alloh) ularni o'zlari rozi bo'ladigan joyga (jannatga) doxil qilur. Darhaqiqat, Alloh biluvchi va halimdir.
22.60 . (Ish) shudir. Kim o'ziga berilgan uqubat barobarida o'ch olsa, so'ngra yana unga zulm qilinsa, albatta, Alloh u (mazlum)ga yordam qilur. Darhaqiqat, Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir.
22.61 . Bunga sabab Alloh kechani kunduzga kiritishi (kechani qisqartirib, kunduzni uzaytirishi) va (aksincha) kunduzni kechaga kiritishi va haqiqatan, Alloh eshituvchi va ko'ruvchi ekanidir.
22.62 . Bunga (yana bir) sabab Allohning o'zigina haqiqiy Iloh ekani va sizlar Uni qo'yib iltijo qilayotgan narsa (but)lar esa ayni botil ekani hamda Allohning O'zigina eng oliy va buyuk zot ekanidir.
22.63 . Alloh osmondan suv (yomg'ir) yog'dirgach, yerning yam-yashil bo'lishini ko'rmadingizmi?! Darhaqiqat, Alloh lutfli va xabardor zotdir.
22.64 . Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Unikidir va haqiqatan, Allohning o'zigina behojat va hamd sohibidir.
22.65 . Alloh sizlarga yerdagi narsalarni va dengizda Uning amri bilan suzayotgan kemalarni bo'yin sundirib qo'yganini hamda o'zi osmonni yerga iznisiz qulab tushishdan tutib turishini ko'rmadingizmi?! Darhaqiqat, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir.
22.66 . U sizlarga hayot bergan, so'ngra o'lim beradigan, so'ngra (qiyomatda yana) hayot beradigan zotdir. Darhaqiqat, inson noshukrdir.
22.67 . Biz har bir ummatga qurbonlik qilish (amalini) buyurganmiz - ular unga amal qiluvchidirlar. Bas, (ey, Muhammad,) ular Siz bilan bu ishda sira tortishmasinlar! Siz (ularni) Rabbingizga da'vat qiling! Albatta, Siz To'g'ri yo'ldadirsiz.
22.68 . Agar ular Siz bilan munozara qilsalar, ayting: "Alloh sizlar qilayotgan (yomon) ishlarni juda yaxshi biluvchidir!"
22.69 . Alloh sizlar ixtilof qilgan narsalar haqida o'rtangizda qiyomat kuni hukm qilur.
22.70 . (Ey, Muhammad,) Siz Alloh osmon va Yerdagi bor narsani bilishini bilmadingizmi?! Albatta, bu Kitobda (Lavhul-Mahfuzda yozib qo'yilgan)dir. Albatta, bu Allohga osondir.
22.71 . Ular (Makka kofirlari) Allohni qo'yib, U biror hujjat tushirmagan va o'zlari ham bilmagan narsalarga ibodat qilurlar. Zolimlar uchun biror yordamchi yo'qdir.
22.72 . Qachonki, ularga Bizning aniq oyatlarimiz tilovat qilinsa, kofir bo'lganlarning yuzlarida inkor (alomati)ni sezursiz. Ular, o'zlariga Bizning oyatlarimizni tilovat qilayotgan zotlarga zo'rlik qilishgacha bordilar. (Ularga) ayting: "Endi, Men sizlarga bundan ham yomonroq narsani xabarini beraymi? (U) Alloh kofir bo'lganlarga va'da qilgan do'zaxdir. Naqadar yomon oqibat u!".
22.73 . Ey, insonlar, masal aytildi, bas, unga quloq tutingiz! - Aniqki, sizlar Allohni qo'yib, sig'inayotgan narsalaring, agar barchalari birlashganda ham bir chivinni yarata olmaslar, agar chivin ulardan biror narsani tortib olsa, uni undan ayirib ololmaslar. Talab etuvchi ham, so'raluvchi (butlar) ham zaifdirlar.
22.74 . Ular Allohning haqqoniy ravishda qadrlamadilar. Darhaqiqat, Alloh kuchli va qudratlidir.
22.75 . Alloh elchilarni farishtalardan tanlar, insonlardan ham. Darhaqiqat, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir!
22.76 . U ularning oldilaridagi va ortlaridagi narsalarni bilur. Va (barcha) ishlar yolg'iz Allohga qaytarilur.
22.77 . (Ey, imon keltirganlar, ruku' qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib yaxshilik qilingiz - shoyadki, najot topsangiz.
22.78 . Alloh (yo'li)da haqqoniy jiddu jahd qilingiz! Sizlarni (shu din uchun) U tanladi va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi. Otalaringiz Ibrohimning dini (Islom)ni (ushlangiz)! Toki (qiyomatda) payg'ambar sizlarga guvoh bo'lishi uchun, sizlar esa (qolgan) odamlarlarga guvoh bo'lishingiz uchun (Allohning) o'zi sizlarni ilgari (muqaddas kitoblarda) atagandek, mana shu (Qur'on) da ham musulmonlar deb atadi. Bas, namozni mukammal ado etingiz, zakotni beringiz va Allohga bog'laningiz! U sizlarning xojangizdir. Bas, u Zot naqadar yaxshi xoja va naqadar yaxshi madadkordir!