') //-->
20.1 . To, ho.
20.2 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizga bu Qur'onni qiynalib mashaqqat chekishingiz uchun emas,
20.3 . balki (Allohdan) qo'rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik.
20.4 . (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zot (tomoni)dan nozil qilingandir.
20.5 . (U) Arsh uzra mustaviy bo'lmish Rahmondir.
20.6 . Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir.
20.7 . Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur.
20.8 . Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. Uning go'zal ismlari bordir.
20.9 . (Ey, Muhammad,) Sizga Muso haqidagi xabar keldimi?
20.10 . Eslang, u (uzoqdan) bir olovni ko'rib oilasiga: "(Shu yerda) turinglar, men bir olovni ko'rib qoldim, shoyadki sizlarga biror cho'g' olib kelarman yoki shu o't (atrofi)da biror yo'l (ko'rsatuvchi) toparman",- dedi.
20.11 . Bas, olov (yaqini)ga kelgach: "Ey, Muso!" - deb nido qilindi.
20.12 . "(Ey, Muso,) Men sening Rabbingdirman. Bas, oyoq kiyimingni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidadirsan.
20.13 . Men seni (payg'ambarlikka) tanladim. Bas, (O'zingga) yuboriladigan vahiyga quloq tut!
20.14 . Darhaqiqat, Men Allohdirman! Mendan o'zga iloh yo'q! Bas, Mengagina ibodat qil va Meni eslaganingda namozni ado qil!
20.15 . Qiyomat albatta keluvchidir. (Lekin) har bir jon qiladigan sa'y-harakati sababli jazolanishi uchun uni (qachon bo'lishini) yashirishni istayman.
20.16 . Bas, unga (qiyomatga) ishonmaydigan va havoyi nafsiga ergashgan kimsalar seni undan to'smasinlarki, u holda halok bo'lursan.
20.17 . Ana u - qo'lingdagi nimadir, ey, Muso?!"
20.18 . (Muso) dedi: "U asoyim, unga tayanurman va u bilan qo'ylarimga (barg) qoqib berurman. Yana unda boshqa hojatlarim ham bor".
20.19 . (Alloh) aytdi: "Uni (yerga) tashlagin, ey, Muso!"
20.20 . Bas, (Muso) uni tashlagan edi, birdaniga u harakatlanuvchi jonli ilon bo'lib qoldi.
20.21 . (Alloh) dedi: "Uni ol! Qo'rqmagin, Biz uni avvalgi holiga qaytarurmiz.
20.22 . Qo'lingni qo'ltig'ingga tiqqin, u hech qanday yomonliksiz oppoq bo'lib chiqur. (Bu) yana bir boshqa mo''jizadir.
20.23 . Biz senga katta mo''jizalarimizni ko'rsatish uchun (shunday qildik).
20.24 . (Endi) Fir'avnning huzuriga bor! Haqiqatan, u haddan oshdi ("Xudoman" deb da'vo qildi)".
20.25 . (Muso) dedi: "Ey, Rabbim, bag'rimni keng qilgin,
20.26 . ishimni oson qilgin,
20.27 . tilimdan tugunni (duduqlikni) yechib yuborgin,
20.28 . (toki) ular (qavmim) gapimni anglasinlar.
20.29 . Menga o'z ahlimdan vazir qilgin.
20.30 . Ya'ni, birodarim Horunni.
20.31 . U bilan belimni baquvvat qilgin.
20.32 . Va uni ishimda (ya'ni, payg'ambarlik ishida) sherik qilgin.
20.33 . Toki, Biz Senga ko'proq tasbeh aytaylik
20.34 . va Seni ko'proq yod etaylik.
20.35 . Albatta, Sen bizni ko'ruvchi zotsan".
20.36 . (Alloh) aytdi: "So'ragan narsang senga ato etildi, ey, Muso!
20.37 . Biz senga (go'daklik chog'ingda ham) bir karra in'om etgan edik.
20.38 . O'shanda onangga (shunday) vahiy yuborgan edik:
20.39 . - "Uni (Musoni) sandiqqa solib, daryoga tashlagin. Bas, uni daryo (to'lqini) sohilga otsin. (Shunda) uni Mening ham, uning ham dushmani (Fir'avn) ushlab olur". (Ey, Muso, barchaga suyukli bo'lishing) va Mening ko'z o'ngimda (himoyamda) o'sishing uchun senga o'z tomonimdan muhabbat (joziba) tashladim.
20.40 . O'shanda opang seni daryodan ushlab olgan kishilar ortidan yurib: "Sizlarni bu (bola)ga kafil (emizadigan ayol) oldiga boshlab boraymi", deganlarini (eslagin)! So'ng Biz seni ko'zlari quvonsin, g'amgin bo'lmasin, deb onangga qaytargan edik. (Yigitlik chog'ingda) bir jonni o'ldirib qo'yganingda, Biz seni bu g'amdan ham qutqargan edik. (Keyin) Biz seni ko'p sinovlar bilan sinab ko'rdik. Madyan ahli orasida ham (necha) yillar turding, so'ngra (payg'ambarlik uchun belgilab qo'yilgan) muddat bo'yicha (bu yerga) kelding, ey Muso!
20.41 . Seni o'zimga (payg'ambarlik uchun) tanladim.
20.42 . (Ey, Muso,) sen o'zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringlar va Meni zikr qilishda sustlik qilmanglar!
20.43 . Ikkingiz Fir'avning oldiga boringlar, chunki u ("Men xudoman"), deb haddidan oshdi.
20.44 . Bas, unga yumshoq so'z so'zlanglar! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok bo'lishidan) qo'rqsa".
20.45 . Ular dedilar: "Ey, Rabbimiz! Darhaqiqat, biz (da'vat etsak) u bizga tezlik (g'azab) qilishidan yoki (battar) tug'yonga ketishidan qo'rqamiz".
20.46 . (Alloh) aytdi: "Qo'rqmanglar! Albatta, Men sizlar bilan birgaman - eshitaman va ko'raman.
20.47 . Bas, sizlar uning oldiga borib: "Biz Parvardigoringning elchilaridirmiz. Isroil avlodini biz bilan birga qo'yib yuborgin, ularni azoblamagin. (Biz) senga Rabbing (tomoni)dan hujjat keltirdik. Hidoyatga ergashganlarga salom (omonlik) bo'lur.
20.48 . Bizga vahiy qilindiki, (Allohning payg'ambarlarini) yolg'onchi qilgan va (imon keltirishdan) yuz o'girgan kimsalarga azob bo'lur", deb.
20.49 . (Fir'avnga kelib, mazkur so'zlarni aytishgach) u dedi: "Ikkingizning Rabbingiz kim, ey, Muso!"
20.50 . (Muso) aytdi: "Rabbimiz har bir narsaga o'z yaratuvchiligini ato etib (ko'rsatib), so'ngra (uni) to'g'ri yo'lga yo'llagan zotdir".
20.51 . (Fir'avn) dedi: "Unda, avvalgi avlodlarning holi nedir? (Rabbing ularni ham azoblaganmi?)"
20.52 . (Muso) aytdi: "Ular haqidagi ma'lumot Rabbim huzuridagi Kitob (Lavhul-Mahfuz)dadir. Rabbim adashmas va unutmas".
20.53 . U Yerni sizlar uchun beshik (qarorgoh) qilib qo'ydi va unda yo'llar paydo qildi hamda osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan turli o'simlik navlarini undirib chiqardik.
20.54 . Sizlar (ulardan) yenglar va chorvalaringni boqinglar. Albatta, bunda aql egalari uchun alomatlar bordir.
20.55 . Biz sizlarni undan (yerdan) yaratdik, unga qaytarurmiz va (qiyomat kunida) sizlarni yana boshqatdan undan chiqarurmiz.
20.56 . Darhaqiqat, Biz unga (Fir'avnga) hamma (to'qqizta) mo''jizalarimizni ko'rsatdik. Bas, u (ularni) yolg'onga chiqardi va yuz o'girdi.
20.57 . (U) dedi: "Sen o'z sehring bilan bizlarni yerimizdan chiqarish uchun keldingmi, ey, Muso!
20.58 . U holda, bizlar ham senga xuddi o'shanday sehr keltirurmiz. Bas, sen o'zing bilan bizlarning o'rtamizda bir joy tanlaginki, u sen ham, bizlar ham qarshilik qilmaydigan o'rta bir joy bo'lsin".
20.59 . (Muso) aytdi: "Va'da ziynat (bayram) kunidir. Odamlar choshgohda to'planurlar".
20.60 . Bas, Fir'avn borib, o'zining makrini (sehrgarlarini) yig'di. So'ngra (va'da qilingan joyga) keldi.
20.61 . Muso ularga (sehrgarlarga) dedi: "Hollaringga voy! Sizlar Alloh sha'niga yolg'on to'qimanglar (mo''jizani sehr demanglar), u holda (Alloh) sizlarni azob bilan halok qilur! Yolg'on to'qiganlar noumid bo'lishlari aniqdir".
20.62 . Bas, ular (qiladigan) ishlarini talashib-tortishib, asta shivirlasha boshladilar.
20.63 . (So'ng bir-birlariga) aytdilar: "Albatta, bu ikkovi (Muso va Horun) o'z sehrlari bilan sizlarni yeringizdan chiqarmoqni va yuksak yo'lingizni (diningizni) yo'qotishni istaydigan sehrgarlardir.
20.64 . Bas, makr-hiylangizni yig'ingiz, so'ng saf tortib kelingiz. Bugun ustun bo'lganlar iqbolli bo'lurlar".
20.65 . (Maslahatlari bitgach,) dedilar: "Ey, Muso, sen (qo'lingdagi asoyingni) tashlaysanmi yoki bizlar birinchi tashlovchi bo'laylikmi?"
20.66 . (Muso) aytdi: "Yo'q, sizlar tashlanglar" (ular qo'llaridagi aso va iplarni tashlagan edilar) banogoh iplari va asolari - sehrlari sababli - unga (Musoga) yurib ketayotgandek tuyuldi.
20.67 . Bas, Muso ichida bir qo'rquvni his etdi.
20.68 . Biz aytdik: "Qo'rqmagin! Albatta, sen o'zing oliy (g'olib)dirsan.
20.69 . Qo'lingdagi narsani (asoyingni) tashlagin, ular yasagan narsalarni yutib yuborur. Ularning yasagani faqat bir sehrgarning makridir. Sehrgar esa, qayerda bo'lmasin zafar topmas".
20.70 . (Muso asosini tashlagach, ajdahoga aylanib, ular yasagan narsalarini yutib yubordi). Bas, sehrgarlar sajda qilgan hollarida (yerga) tashlanib: "Horun va Musoning Parvardigoriga imon keltirdik",- dedilar.
20.71 . (Fir'avn) aytdi: "Men izn bermay turib, unga imon keltirdingizmi?! Shubhasiz, u sizlarga sehr o'rgatgan kattangizdir. Bas, endi (men), albatta, oyoq-qo'llaringizni qaramaqarshisiga (o'ng qo'l, chap oyog'ingizni yoki aksincha) kesurman va sizlarni xurmo shoxlariga osurman, (o'shanda) qaysimizning (ya'ni, meningmi yoki Musoning xudosi) azobi qattiqroq va boqiyroq ekanligini bilib olursizlar".
20.72 . Ular dedilar: "Bizlar o'zimizga kelgan hujjatlarni va bizlarni yaratgan Zotni qo'yib, sira seni tanlamaymiz. Bas, qiladigan hukmingni qilaver! Sen faqat shu dunyodagina hukm qilursan.
20.73 . Bizlarga esa xatolarimizni va sen bizlarni majbur qilgan sehrgarlikdan iborat (gunohimizni) kechirishi uchun Rabbimizga imon keltirdik. Alloh (ning savobi) yaxshiroq va (azobi) boqiyroqdir".
20.74 . Haqiqatan, kimda-kim Parvardigorning huzuriga jinoyatchi (kofir) holida kelsa, albatta, uning uchun jahannam bor, u joyda u na o'la olur va na yashay olur.
20.75 . Kim u zotga yaxshi amallarni qilib, mo'min holida kelsa, bas, ana o'shalar uchun yuksak darajalar,
20.76 . ostidan anhorlar oqadigan, ular doimiy qoladigan mangulik jannatlari bo'lur. Bu (shirk va kufrdan) pok bo'lgan kishilarning mukofotidir!
20.77 . Biz Musoga: "Sen bandalarimni (Isroil avlodini) tunda olib ketib, ular uchun - (ortingdan) yetib kelishdan xavf qilmagan va (g'arq bo'lishdan ham) qo'rqmagan holingda dengizdan quruq yo'l och", - deb vahiy yubordik.
20.78 . Bas, Fir'avn ularning ortidan o'z lashkarlari bilan quvgan edi, ularning dengiz o'raganicha-o'radi (ya'ni, g'arq bo'ldilar).
20.79 . Fir'avn o'z qavmini adashtirdi, to'g'ri yo'lga boshlamadi.
20.80 . Alloh dedi: "Ey, Isroil avlodi, Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (Musoga Tavrot nozil qilish uchun) Tur (tog'i)ning o'ng tomonini va'dalashdik va sizlarga shirinlik va bedanalar yog'dirdik.
20.81 . Pok rizqlarimizdan yenglar va ularga (shukr qilmaslik bilan) haddan oshmanglar, aks holda ustingizga Mening g'azabim tushar. Kimning ustiga g'azabim tushar ekan, u albatta yiqilur (halok bo'lur).
20.82 . Men, albatta, tavba qilgan hamda imon keltirib, ezgu ish qilgan, so'ngra to'g'ri yurgan kishilarni mag'firat qiluvchidirman".
20.83 . "Qavmingdan nega ilgarilab ketding, ey Muso!"
20.84 . U aytdi: "Ular - ana, izimdan kelurlar. Men esa, ey, Rabbim, Sen tomon rozi bo'lishing uchun shoshdim.".
20.85 . (Alloh) dedi: "Haqiqatan, Biz sening ortingdan qavmingni imtihon qildik. Somiriy ularni yo'ldan ozdirdi".
20.86 . Bas, Muso qavmiga g'azablangan va afsuslangan holda qaytib kelib, dedi: "Ey, qavmim! Parvardigoringiz sizlarga (Tavrot nozil etishi haqida) chiroyli va'da qilmaganmidi?! Sizlarga (kechgan) vaqt uzun (ko'rinib) ketdimi yoki ustingizga Rabbingiz tomonidan g'azab tushishini xohlab, menga bergan va'dangizni buzdingizlarmi?!"
20.87 . Ular aytdilar: "Bizlar senga bergan va'dani o'z ixtiyorimiz bilan buzganimiz yo'q. Lekin bizlar (Misrdan chiqib kelayotganimizda), qavm zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni ko'tarib chiqqan edik, bas, (Somiriyning amri bilan) ularni (olovga) tashladik. So'ngra Somiriy ham (narsalarini olovga) tashladi.
20.88 . So'ng (Somiriy ularni olovda eritib, xuddi tirik buzoq kabi) ovozli haykal (yasab) chiqarib berdi, so'ng (Somiriy va uning sheriklari): "Sizlarning ham, Musoning ham ilohi shu edi, bas, (Muso) unutdi (va izlab boshqa yerga ketdi)", - dedilar.
20.89 . Axir, uning ularga so'z qaytara olmasligini va ziyon ham, foyda ham yetkizishga qodir emasligini ko'rmaydilarmi?!
20.90 . Holbuki, (buzoqqa sig'inishlaridan) oldin Horun ularga: "Ey, qavmim, sizlar bu bilan imtihon qilindinglar. Shubha yo'qqi, sizlarning Rabbingiz Rahmondir. Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat qilinglar!" - degan edi.
20.91 . Ular: "To bizga Muso qaytmagunicha, unga (ma'budaga) sig'inishdan sira tinmaymiz", - degan edilar.
20.92 . (Muso qaytib kelgach) dedi: "Ey, Horun, ularning adashganlarini ko'rganingda (to'xtatib qolishdan) seni nima to'sdi?!
20.93 . Mening ortimdan nega bormading? Amrimga itoatsizlik qildingmi?!"
20.94 . (Horun) dedi: "Ey, onamning o'g'li, sen mening sochimdan ham, soqolimdan ham tutmagin! Men (ortingdan borsam) "Mening so'zimni kutmay, Isroil avlodini bo'lib yuboribsan" deyishingdan qo'rqdim".
20.95 . (So'ngra Muso Somiriyga qarab): "Bu qilig'ing nimasi, ey, Somiriy?" - dedi.
20.96 . U aytdi: "Men ular ko'rmagan narsani ko'rdim. Bas, elchi (Jabroil)ning izidan bir siqim olib, uni (buzoqning haykaliga) sochgan edim (undan tirik buzoq kabi ovoz chiqdi). Nafsim ana shunday qilishni menga chiroyli ko'rsatdi".
20.97 . (Muso) dedi: "Bas, ket! Endi sen uchun hayotda "(Menga) tegish yo'q!" deyishgina qolur. Oxiratda esa sen uchun sira xilof qilinmaydigan bir va'da (azob) bordir. Sen ustidan jilmay sig'inayotgan "ilohing" (holi)ni ko'rib qo'y! Biz, albatta, uni yondirib, so'ngra (kulini) dengizga sochib yuborurmiz".
20.98 . Ilohingiz Allohdirki, undan o'zga iloh yo'q, U barcha narsani o'z ilmi bilan qamrab olgandir.
20.99 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizga o'tib ketgan (avlod)lar xabarlarini shu tarzda so'zlab berurmiz. Shuningdek, (Biz) Sizga o'z dargohimizdan zikr (Qur'on) keltirdik.
20.100 . Kim undan yuz o'girsa, bas, albatta, u qiyomat kunida yuk (gunoh)ni ko'tarur.
20.101 . Ular u yuk (osti)da mangu qolurlar. U (yuk) qiyomat kunida ular uchun juda yomon yuk bo'lur.
20.102 . (U) sur chalinadigan kundir. U kunda Biz jinoyatchilarni ko'zlari (qo'rquvdan) ko'k (nursiz) bo'lgan hollarida yig'urmiz.
20.103 . Ular o'zaro shivirlashib: "(Dunyoda) o'n kungina turdinglar" (deydilar).
20.104 . Biz ularni aytadigan so'zlarini yaxshi bilurmiz. o'shanda ularning yo'lga chechan (dono)lari: "Bir kungina turdinglar",- deydi(lar).
20.105 . (Ey, Muhammad,) ular sizdan tog'lar (qiyomatda nima bo'lishi) haqida so'raydilar. Bas, ayting: "Parvardigorim ularni (qum kabi) sochib yuborur".
20.106 . So'ng (yerni) tep-tekis qilib qo'yur.
20.107 . Unda na egrilik (pastlik) va na balandlikni ko'rursiz.
20.108 . U kunda (odamlar mahshargohga) chorlovchi (farishtaga) egilmay - bukilmay (so'zsiz) ergashurlar. Ovozlar ham Rahmonga buyin sunur, bas, faqat pichirlashnigina eshitursiz..
20.109 . U kunda shafoat (oqlov) faqat Rahmon izn bergan va so'zidan U rozi bo'lgan kishidan boshqaga foyda bermas.
20.110 . U ularning oldilaridagi (ya'ni, oxiratdagi) va ortlaridagi (ya'ni, dunyodagi) bor narsani bilur. Ular esa Uni ilm bilan ihota qila olmaslar.
20.111 . Yuzlar (insonlar) Tirik va mangu Turuvchi (Alloh)ga ta'zim qilurlar. Zulmni (shirkni) ko'tarib kelgan kishi, albatta, noumid bo'lur.
20.112 . Kimki mo'min bo'lgan holda ezgu ishlarni qilsa, bas, u zulmdan (qilmagan gunohlarga javob berishdan), kamayishdan, (savobi to'la berilmay qolishidan) ham xavf qilmas.
20.113 . Shuningdek, Biz uni arabcha Qur'on qilib tushirdik va unda qo'rqinchli va'dalarni bayon qildik. Shoyadki ular (shirk va kufrdan) saqlansalar yo (bu va'dalar) ular uchun eslatma paydo qilsa.
20.114 . Haqqoniy Podshoh-Alloh oliy zotdir. (Ey, Muhammad,) Sizga (Qur'on) vahiysi adosidan ilgari qiroat qilishga shoshmang va ayting: "Ey, Rabbim, menga ilmni ziyoda et!"
20.115 . Biz ilgari Odam bilan (Jannatdagi bir daraxtga yaqinlashmasligi haqida) ahdlashgan edik, u (ahdni) unutdi va Biz unda azm (qat'iyat)ni ko'rmadik.
20.116 . Eslang, Biz farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar", deyishimiz bilan sajda qildilar, faqat iblis bosh tortdi.
20.117 . Bas, aytdik: "Ey, Odam, albatta, bu (iblis) senga ham, xotiningga ham dushmandir. Bas, u ikkovingizni jannatdan zinhor chiqarmasinki, baxtsiz bo'lib qolursan.
20.118 . Shubhasiz, sen u joyda (jannatda) och va yalang'och qolmaysan.
20.119 . Va u joyda tashna ham bo'lmaysan, issiqda ham qolmaysan".
20.120 . So'ng shayton unga vasvasa qilib: "Ey, Odam, men senga abadiyat daraxti va chirimas (yo'q bo'lmas) mulkka boshlab boraymi?" - dedi.
20.121 . Bas, (Odam bilan Havvo) undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o'zlarini jannat yaproqlari bilan to'sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo'lib, yanglishdi.
20.122 . So'ngra Parvardigori uni poklab, tavbasini qabul etdi va hidoyat qildi.
20.123 . (Alloh) aytdi: "Undan (ya'ni, jannatdan) har ikkingiz tushingiz. Ba'zingiz (zurriyotingiz) ba'ziga dushmandir. Bas, sizlarga Men (taraf)dan hidoyat kelganida kim Mening hidoyatimga ergashsa, yo'ldan ozmas va baxtsiz bo'lmas.
20.124 . Kim Mening eslatmamdan yuz o'girsa, bas, albatta, uning uchun tang (baxtsiz) turmush bo'lur va Biz uni qiyomat kunida ko'r holda tiriltirurmiz".
20.125 . U: "Rabbim! Nega meni ko'r holda tiriltirding, axir (oldin) ko'ruvchi edim-ku?!" - deydi.
20.126 . (Alloh) aytur: "Shunday. (Lekin) senga Bizning oyatlarimiz kelganida, ularni unutding. Bugun sen ham ana shunday "unutilursan".
20.127 . Haddan oshgan va Parvardigorining oyatlariga imon keltirmaganlarni mana shunday jazolarmiz. Oxirat azobi esa, shubhasiz, qattiqroq va boqiyroqdir.
20.128 . Biz ulardan ilgari ham ularning maskanlarida (yashab) yurgan qancha avlodlarni (kufrlari sababli) halok qilganimiz ularni to'g'ri yo'lga solmadimi?! Albatta, bunda aql egalari uchun alomatlar bordir.
20.129 . Agar Rabbingiz (tomoni)dan (mukofot va jazolar qiyomatda bo'lishi xususida) So'z va belgilangan muddat bo'lmaganida edi, albatta, (ularga darhol azob berilishi) lozim edi.
20.130 . Bas, (ey, Muhammad,) ular aytayotgan so'zlarga sabr qiling va quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan (Unga) tasbeh ayting (namoz o'qing)! Kecha(ning boshi va oxirgi) vaqtlarida hamda kunduz(ning avvalgi va oxirgi) taraflarida ham tasbeh ayting (namoz o'qing), shoyad rozilikka erishsangiz.
20.131 . Siz (kofirlardan ayrim) toifalarni sinashimiz uchun bahramand qilgan dunyo hayoti go'zalliklaridan iborat narsalarga ko'zlaringizni termultirmang! Rabbingizning rizqi yaxshiroq va boqiyroqdir.
20.132 . Ahlingizni namoz (o'qish)ga buyuring va (o'zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo'ling! Biz Sizdan rizq so'ramaymiz, (aksincha), Biz sizga rizq berurmiz. Oqibat taqvo (ahli) uchundir.
20.133 . (Mushriklar: "Muhammad) Parvardigori tomonidan bizlarga biror hujjat keltirsa edi", - deydilar. Axir, ularga ilgarigi sahifalardagi (ilohiy kitoblardagi) hujjat (Qur'on) kelmadimi?!
20.134 . Agar Biz ularni undan (Muhammad yoki Qur'ondan) ilgari biror azob bilan halok qilganimizda, ular, albatta: "Parvardigoro, bizlarga biror payg'ambar yuborganingda edi, bizlar xor-zor va sharmanda bo'lmay Sening oyatlaringga ergashar edik", - degan bo'lur edilar.
20.135 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Barcha(miz) kutuvchidir(miz). Bas, kutaveringlar! Yaqinda kimlar To'g'ri yo'l egalari va kim hidoyat topgan ekanini bilursizlar".