') //-->
18.1 . (O'z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur'on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga - hamd! Uni (Qur'onni ma'no va mazmunda) qing'ir qilmadi,
18.2 . (balki, u) to'g'ri (haq va rost)dir. Huzuridan (keluvchi) qattiq azob bilan ogohlantirish va ezgu ishlarni qiladigan mo'minlarga yaxshi mukofot (jannat) xushxabarini berish,
18.3 . (darvoqe, ular) u yer (jannat)da mangu qoluvchilardir;
18.4 . shuningdek, "Allohning farzandi bor" deganlarni ogohlantirish uchun (Kitobni nozilqildi).
18.5 . (Mushriklar,) zotan, uni (farzand mohiyatini) o'zlari ham, ota-bobolari ham bilmaslar. Og'izlaridan chiquvchi (bu) so'z og'irdir. (Ular) faqat yolg'onni so'zlayaptilar.
18.6 . (Ey, Muhammad,) ular ushbu So'zga (Qur'onga) imon keltirmasalar, ehtimol, Siz ularning ortidan, afsuslik bilan o'zingizni halok qiluvchidirsiz?!
18.7 . Albatta, Biz (odamlardan) qaysilari chiroyliroq amal qilishlarini sinamoq uchun Yer yuzidagi bor narsani unga ziynat qilib qo'ydik.
18.8 . (Biz,) shubhasiz, uning (Yerning) ustini (bezaksiz) silliq va quruq qilib qo'yuvchi hamdirmiz.
18.9 . Balki, Kahf (g'or) va Bitik (voqealari yozilgan tosh) egalarini Bizning mo''jizalarimizning eng ajoyibi, deb hisoblagandirsiz?
18.10 . Qaysiki, yigitlar g'orga panoh istab borishib: "Ey, Rabbimiz! Bizlarga o'z huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni O'zing to'g'rilagin", - dedilar.
18.11 . Bas, (o'sha) g'orda bir necha yil ularning "quloqlariga urib" (uxlatib) qo'ydik.
18.12 . So'ngra (ularning ichidagi) ikki guruhdan qaysi biri turgan muddatlarini (to'g'ri) hisoblashlarini bilish (sinash) uchun ularni uyg'otdik.
18.13 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizga ularning xabarini haqiqatan aytib berurmiz. Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir.
18.14 . Biz ularning dillari (imonlarini) quvvatlantirdik - o'shanda ular (zolim shoh qarshisida) turib dedilar: "Bizning Rabbimiz osmonlar va Yerning Parvardigoridir. Bizlar Undan o'zga "iloh"ga sira iltijo qilmaymiz. Aks holda, nohaq so'zni aytgan bo'lurmiz.
18.15 . Ana u qavmimiz esa Undan o'zgalarni "iloh" qilib oldilar. Koshki o'zlari uchun biror aniq hujjat keltirsalar ekan. Bas, Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?!" Xizr (a.s.) larning ibratli qissalari va Zul-qarnayn qissalari ham o'z ifodasini topgan. Shuningdek, boshqa suralardagi kabi ilohiy o'gitlar fasohatli oyatlar bilan bayon etilgan.
18.16 . "(Yigitlar!) Modomiki ulardan (mushriklardan) va Allohdan o'zga ular sig'inayotgan narsalardan yuz o'girgan ekansizlar, endi g'orga panoh izlab boringiz! Rabbingiz sizlarga O'z rahmatini keng qilur va ishlaringiz omadini berur".
18.17 . Quyosh chiqishida ularning g'orlarining o'ng tarafidan o'tib ketganini, botishida esa ularning chap tomoni bo'ylab yiroqlashib ketganini, ular esa hamon uning keng bag'rida ekanlarini ko'rasiz. Bu ham Allohning mo''jizalaridan (biri)dir. Kimni Alloh hidoyat etsa, bas, o'shagina hidoyat topuvchidir. Kimni adashtirsa, bas, uning uchun To'g'ri yo'lga soluvchi do'st topa olmassiz.
18.18 . Uxloq bo'lsalar-da, (ko'zlari ochiq bo'lgani uchun) sen ularni uyg'oq, deb o'ylaysan. Biz ularni (chirib ketmasligi uchun) o'ng tomon, so'l tomonga aylantirib turarmiz. Ularning iti esa old oyoqlarini ostonaga yozib yotur. Agar ularni ko'rib qolsang, dahshatga tushib, ulardan yuz o'girib qochgan bo'lur eding.
18.19 . O'zaro savol-javob qilishlari uchun ularni ana shunday uyg'otdik. Ulardan biri dedi: "Qancha turdingiz?" Ular(ning ayrimlari): "Bir kun yo yarim kun", - dedilar. (Qolganlari esa): "Qancha (uxlab) turganingizni Rabbingiz bilur. Endi birortangizni shu pulingiz bilan shaharga jo'natingiz, u eng pokroq taomlarni qarab, sizlarga undan ozuqa olib kelsin. U lutf bilan ehtiyotkorona yursin va sizlarni birortaga sezdirib qo'ymasin.
18.20 . Chunki ular (shahar ahli) sizlardan ogoh bo'lib qolsalar, sizlarni toshbo'ron qilurlar yoki sizlarni o'z dinlariga qaytarurlar va u holda, sira najot topa olmaysizlar", - deyishdi.
18.21 . Shunday qilib, Allohning (qayta tiriltirish haqidagi) va'dasi haq ekanini va qiyomatning (kelishi) shaksiz ekanini bilishlari uchun (odamlarni g'or yigitlaridan) xabardor qildik. O'shanda (ular vafot etishgach) o'zaro ularning ishlari haqida tortisha boshladilar. Bas, (ba'zi kishilar): "Ularning ustiga uylar bino qilinglar. Parvardigorlari ularni yaxshi biluvchidir", - dedilar. Ularning ustida hukmron bo'lgan (imonli podshoh va saroy a'yonlari esa): "Albatta, biz ular (ya'ni, Ashobi Kahf qabri) uzra (g'or og'ziga) bir masjid qurib olurmiz", - deyishdi.
18.22 . Hali ular (Muhammadga zamondosh yahudiy, nasoro va musulmonlarning ayrimlari o'sha Ashobi Kahf adadini): "Uchtadir, to'rtin chilari itlaridir", desalar, (boshqalari) "beshta bo'lib, oltinchilari itlaridir", deb g'aybga tosh oturlar (taxminan gap soturlar). Yana: "(Ular) yettitadirlar, sakkizinchilari itlaridir" ham deydilar. (Ey, Muhammad,) "Ularning sanog'ini Rabbim yaxshi biluvchidir. Ularni juda oz kishi bilur", deng. Bas, ular xususida faqat (vahiy asosida) ochiq munozara qiling va (Ashobi Kahf) haqida ularning birortasidan savol so'ramang!
18.23 . Biror narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko'rmang!
18.24 . Illo, "Inshoalloh, (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so'zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Rabbingizni zikr qiling (ya'ni, "inshoalloh", deng) va: "Shoyad Rabbim meni bundan ham yaqinroq To'g'ri yo'lga hidoyat etsa",deng!
18.25 . (Ular) g'orlarida uch yuz yil turdilar va yana to'qqiz (yil)ni ziyoda qildilar.
18.26 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Ularning qancha turganlarini Alloh yaxshi biluvchidir. Osmonlar va Yerning sirlari faqat Unga oiddir. U naqadar ko'ruvchi va eshituvchidir! Ular (odamlar) uchun Undan o'zga biror do'st yo'qdir. U (O'z) hukmida hech kimni sherik qilmas".
18.27 . (Ey, Muhammad,) Sizga vahiy qilingan Rabbingizning Kitobi (Qur'on)ni tilovat qiling! Uning so'zlarini o'zgartiruvchi yo'qdir. Undan o'zga sira panoh topa olmassiz.
18.28 . Siz o'zingizni ertayu kech Parvardigorlari "yuzi"ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Dunyo hayoti ziynati uchun ulardan ko'zlaringiz chetlab o'tmasin! Va qalbini Biz zikrimizdan g'ofil qilib qo'ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo'lgan kimsalarga itoat etmang!
18.29 . Ayting: "(Bu Qur'on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo'lsin". Aniqki, Biz zolim (kofir)lar uchun alangalari ularni qamrab oladigan do'zaxni tayyorlab qo'yganmiz. Agar ular (tashnalikka chidamay) yalinsalar, eritilgan (dog'langan) yog' kabi yuzlarni kuydiruvchi suv berilur. Naqadar yomon ichimlik u, naqadar yomon joy u!
18.30 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz.
18.31 . Aynan ular uchun ostilaridan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlar bor bo'lib, ular u joyda oltin bilakuzuklar bilan beza nurlar va yashnab turuvchi shoyi liboslar kiyib, so'rilarda suyanib o'tirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar go'zal joy u!
18.32 . (Ey, Muhammad, kofirlarga) ikki kishi masalini keltiring. Ulardan biri uchun ikki uzumzor bog' qilib, u ikkisini xurmozor bilan o'ragan va o'rtasini ekinzor qilgan edik.
18.33 . Har ikki bog' hosilini bekamu ko'st berar, ularning o'rtasidan bir anhor o'tkazgan edik.
18.34 . Yana uning boyligi ham bor edi. Bas, u birodariga murojaat qilib: "Mening boyligim senikidan ko'proq va odamlarim kuchliroq", - dedi.
18.35 . O'ziga zulm qilgan holda, bog'iga kirayotib, aytdi: "Bu (bog'u boyligim) hech qachon yo'q bo'lmaydi.
18.36 . Qiyomat ham qoyim bo'lmaydi, deb o'ylayman. Qasamki, agar Rabbimga (farazan) qaytarilsam, (qayta tirilsam), albatta, bundan ham yaxshiroq oqibat (baxt)ni topurman".
18.37 . Birodari unga murojaat qilib, dedi: "Seni (Odamni) tuproqdan, so'ng bir tomchi "suv"dan yaratib, so'ngra inson qilib rostlagan zot (Alloh)ga kofir bo'ldingmi?!
18.38 . Men esa: "U Alloh Rabbimdir" (deyman) va Rabbimga hech kimni sherik qilmayman.
18.39 . Sen bog'ingga kirganingda: "Alloh xohlagan narsagina (bo'lur), bor kuch-quvvat yolg'iz Alloh bilandir", deganingda edi! Bordiyu meni boylik va farzand jihatidan o'zingdan kamroq deb bilsang,
18.40 . shoyadki, Rabbim menga sening bog'ingdan yaxshiroq (bog') ato etar, (sening bog'ingga esa) osmondan ofat yuborur, bas, u toyg'oq (tekis) yerga aylanib qolur.
18.41 . Yoki uning suvi (yer qa'riga) singib ketib, sen uni istab topa olmay qolursan".
18.42 . (Darhaqiqat), uning mevasi (bog'i) ihota (halok) qilindi. O'zi esa huvillab qolgan ishkomlarni (ko'rib) va ularga sarflangan narsalarni (o'ylab), chapak chalganicha (pushaymon qilib): "Qani edi, men ham Rabbimga hech kimni sherik qilmaganimda!" - deb qoldi.
18.43 . Shuningdek, uning uchun Allohdan o'zga na bir yordam beradigan guruh bo'ldi va na o'zi (o'ziga) yordam bera oluvchi bo'ldi.
18.44 . U joyda (Qiyomatda) madad faqat Haq - Alloh (izmi)dadir. U mukofoti yaxshi va oqibati xayrli zotdir.
18.45 . (Ey, Muhammad, odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog'dirgach, (bahorda) u sababli yer o'simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so'ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir zotdir.
18.46 . Mol-mulk, farzandlar dunyo hayotining ziynatidir. Rabbingiz nazdida esa, boqiy qoluvchi solih amallar savobliroq va orzu qilishga loyiqroqdir.
18.47 . Tog'larni (bulutlardek) yurgizadigan va sizlar Yerni tep-tekis (tog'u, bog'larsiz) ko'radigan Kunni (Qiyomatni eslangiz)! (U Kunda Biz) ulardan birortasini qo'ymay yig'amiz.
18.48 . Ular saf tortgan hollarida Rabbingizga ro'baro' qilinadilar (va Biz ularga ayturmiz): "Mana sizlarni ilk bor qanday yaratgan bo'lsak, shunday holda, (yalang'och holingizda) huzurimizga keldingiz. Balki sizlarga Biz va'da qilgan Kunni (Qiyomatni paydo) qila olmas, deb o'ylagandirsizlar?!"
18.49 . (So'ng har bir kishining) nomai a'moli (o'z qo'liga) qo'yilur. Bas, gunohkorlarning unda (bitilgan) narsalardan dahshatga tushib: "Holimizga voy! Bu qandoq kitobki, na kichik va na katta (gunohni) qoldirmay, barchasini hisoblab qo'yibdi", deyishlarini ko'rursiz. (Ular) qilgan (barcha) amallarini naqd holda topurlar. Rabbingiz hech kimga zulm qilmas.
18.50 . Eslang, (Ey, Muhammad,) farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo'yin sunishdan bosh tortdi. Endi sizlar (ey, Odam bolalari,) Meni qo'yib, uni (iblisni) va zurriyotlarini do'st tutasizmi?! Ular sizlarga dushman-ku! U (iblis) zolimlar uchun (Allohning o'rniga) naqadar yomon "o'rinbosardir!"
18.51 . Men ularni (iblis va uning zurriyotini) na osmonlar va Yerni yaratishga va na o'zlarini yaratishga guvoh qilgan emasman, shuningdek, (bu) yo'ldan ozdiruvchilarni (O'zimga) dastyor qilib ham olganim yo'q.
18.52 . U Kunda (Qiyomatda Alloh): "Sizlar Mening sheriklarim deb o'ylagan (butlaringizni) chaqiringiz", der. Bas, ularni chaqirganlarida, (ular) javob qilmaydilar. (Chunki) Biz ularning o'rtalarida halokat chohini (do'zaxni) paydo qilib qo'ygan bo'lamiz.
18.53 . Gunohkorlar do'zaxni ko'rib, o'zlarining unga tushuvchi ekanlarini biladilar, ammo undan qochishga joy topmaydilar.
18.54 . (Biz) bu Qur'onda odamlarga turli masallardan bayon qildik. Darhaqiqat, inson ko'p janjal (bahs) qiluvchidir.
18.55 . Odamlarga hidoyat kelganda imon keltirishlaridan va Parvardigordan mag'firat so'rashlaridan to'sgan narsa - bu faqat ularga o'tganlarning yo'li (halokatlari) kelishi yoki ochiq azob kelishi (intizorligi)dir.
18.56 . Biz payg'ambarlarni faqat xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchilar sifatidagina yuborurmiz. Kofir bo'lganlar esa botil (hujjatlar) bilan tortishib, uning yordamida haqiqatni toyiltirmoqchi bo'lurlar hamda oyatlarimni va o'zlari ogohlantirilgan narsani (oxirat azobini) masxara qilib olurlar.
18.57 . Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilingach, ulardan yuz o'girgan, o'zi qilib o'tgan (gunoh)larini unutib qo'ygan kimsadan kim zolimroqdir?! Darhaqiqat, Biz (Qur'onni) anglamasliklari uchun ularning dillarini pardalab, quloqlarini og'ir qilib qo'ydik. Demak, agar Siz ularni hidoyatga chaqirsangiz ham sira hidoyatga yurmaslar.
18.58 . Rabbingiz mag'firatli va rahm (shafqat) sohibidir. Agar ularni qilgan gunohlari sababli tutganida, ularga azobni naqd qilgan bo'lur edi. Yo'q, ular uchun va'da qilingan bir vaqt (Qiyomat) borki, Undan o'zga biror panoh topa olmaslar.
18.59 . Ana u shaharlar (aholisi)ni zulm qilishgach, halokat paytlarini aniq belgilab qo'yib, halok qildik.
18.60 . Muso (o'zining xizmatkor) yigitiga: "Toikki dengiz qo'shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq muddat kezmaguncha yurishdan to'xtamayman", - degan paytini eslangiz.
18.61 . Qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo'shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliq) dengiz qa'riga yo'l oldi.
18.62 . Bas, qachonki (u yerdan) o'tishgach, (Muso) yigitiga: "Nonushtamizni keltir, haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik", - dedi.
18.63 . U (xizmatkor) aytdi: "Buni ko'ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni unutibman. (Buni sizga) aytishni faqat shayton yodimdan chiqardi. U (baliq) dengizga ajib (yo'sinda) yo'l olganedi".
18.64 . (Muso) dedi: "Mana shu biz istagan narsadir". So'ng (Xizrni) qidirib, izlariga qaytdilar.
18.65 . Bas, bandalarimizdan bir bandani (Xizrni) topdilarki, Biz unga O'z dargohimizdan rahmat ato etgan va O'z huzurimizdan ilm bergan edik.
18.66 . Muso unga: "Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to'g'ri yo'lni ta'lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?" - dedi.
18.67 . U (Xizr) aytdi: "Aniqki, sen men bilan birga (ilm muammolariga) sabr qila olmaysan.
18.68 . (Zotan) o'zing egallab xabardor bo'lmagan narsaga qanday sabr qilursan?!"
18.69 . (Muso) dedi: "Inshoalloh, sen mening sabrli ekanimni ko'rursan. Men biror ishda senga itoatsizlik qilmasman".
18.70 . U (Xizr) aytdi: "Bas, agar menga ergashsang, to o'zim senga aytmagunimcha, biror narsa haqida mendan so'ramagin!"
18.71 . Bas, ikkisi yo'lga tushdilar. To borib bir kemaga minishlari bilan (Xizr kemani) teshib qo'ydi. (Muso) aytdi: "Odamlarini g'arq qilish uchun uni teshdingmi?! Juda nojo'ya ish qilding-ku!"
18.72 . U (Xizr) dedi: "Men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmaydi, demaganmidim?!"
18.73 . (Muso) aytdi: "Unutganim uchun meni ayblamagin va bu ishim sababli meni mashaqqatga duchor ham qilmagin".
18.74 . So'ngra yana yo'lga tushdilar. To borib bir bolani uchratganlarida (Xizr) uni qatl etdi. (Buni ko'rgan Muso) dedi: "Nahot birovni o'ldirmagan bir begunoh jonni o'ldirsang?! Haqiqatan, (sen) xunuk ish qilding!"
18.75 . U (Xizr) dedi: "Senga men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmas, demaganmidim?!"
18.76 . (Muso) dedi: "Agar bundan keyin sendan biror narsa haqida so'rasam, menga hamroh bo'lmagin. Men tomondan uzr (me'yori)ga yetgan bo'lursan".
18.77 . So'ngra (ular) yana yo'lga tushdilar. To bir shahar ahlining oldiga kelib, ulardan taom so'ragan edilar, ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Keyin o'sha joyda yiqilay deb turgan bir devorni ko'rishgach, (Xizr) uni tiklab qo'ydi. (Muso) dedi: "Agar xohlasang, bu (ishing) uchun haq olishing mumkin edi".
18.78 . U (Xizr) aytdi: "Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman:
18.79 . Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskinlarniki edi. Bas, men uni aybli qilib qo'ymoqchi bo'ldim. (Chunki) ularning ortida barcha (butun) kemalarni tortib olayotgan bir podshoh bor edi.
18.80 . Haligi bolaning esa, ota-onalari mo'min kishilar edilar. Bas, biz u (bola) tug'yon va kufr bilan ularni qiynab qo'yishidan qo'rqdik.
18.81 . Shu sababdan, ularga Parvardigorlari u (bola)dan ko'ra pokizaroq va undan ko'ra mehri bonroq (boshqa bir bolani) badal (evaz) qilib berishini istadik.
18.82 . Endi devor esa, shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo'lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otasi solih kishi edi. Bas, Rabbing ular voyaga yetib, Rabbingning rahmati bo'lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu (ishlarni) o'zimcha qilganim yo'q. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta'vilidir".
18.83 . (Ey, Muhammad,) yana Sizdan Zul-qarnayn haqida so'raydilar. Ayting: "Men sizlarga u haqdagi xabarni hozir o'qib berurman".
18.84 . Darhaqiqat, Biz unga (Zul-qarnaynga) Yerda martaba berdik va (istagan) barcha narsasiga yo'l (imkoniyat) ato etdik.
18.85 . Bas, u (avval G'arbga qarab) yo'l oldi.
18.86 . To (ketayotib) kun botadigan joyga yetgach, u (quyoshning) bir loyqa buloq (orti)ga botayotganini ko'rdi va (buloq)ning oldida bir qavmni uchratdi. Biz: "Ey, Zul-qarnayn, yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomalada bo'lursan", - dedik.
18.87 . U aytdi: "Zulm qilgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So'ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yanada xunuk azob bilan azoblar.
18.88 . Endi imon keltirib ezgu ish qilgan kishiga kelsak, uning uchun go'zal mukofot (jannat) bo'lur. Biz ham unga ishimizdan osonlarini buyururmiz".
18.89 . So'ngra, u (Sharqqa qarab) yo'l oldi.
18.90 . To (ketayotib) kun chiqishga yetib borgach, uning (quyoshning) bir qavm uzra chiqayotganini ko'rdi. Biz u qavm uchun quyoshdan (saqlanadigan) biror parda qilmagan edik.
18.91 . (Uning ishi) shunaqa. Albatta, Biz uning huzuridagi ilmlarni ihota qilib olganmiz.
18.92 . So'ngra, u yana yo'l oldi.
18.93 . To (ketayotib) ikki tog' o'rtasiga yetib kelgach, u (tog'lar ortida) gapni sira anglamaydigan qavmni uchratdi.
18.94 . Ular: "Ey, Zul-qarnayn, albatta, (shu tog'lar ortidagi) Ya'juj va Ma'juj (qabilalari) Yer yuzida buzg'unchilik qiluvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) haq to'lasak, biz bilan ularning o'rtasiga bir to'g'on qurib berurmisan?" - dedilar.
18.95 . U (Zul-qarnayn) aytdi: "Rabbimning menga ato etgani (ne'matlari) sizlar beradigan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga kuch-quvvat bilan yordam beringlar, men sizlar bilan ularning o'rtasiga bir devor bino qilay.
18.96 . Sizlar menga temir parchalarini keltiringlar. To (parchalar) ikkala tog' yonbag'irlari bilan barobar bo'lgach, dam uringlar" - dedi. Bas, qachon u (temir-tersaklarni qizdirib) o't qilgach (eritgach), dedi: "Menga eritilgan mis (ham) keltiringlar, u (temir parchalari)ning ustidan quyurman.
18.97 . Endi ular (Ya'juj va Ma'juj) u (to'siq)ning ustiga chiqishga ham, uni teshib o'tishga ham qodir emaslar.
18.98 . "Bu Rabbim (tomoni)dan bo'lmish bir marhamatdir. Endi, qachonki, Rabbimning (Ya'juj va Ma'juj chiqadi, deb) va'da qilgan vaqt kelganida (Qiyomat oldidan), O'zi u (to'siq)ni tep-tekis qilib qo'yar. Rabbimning va'dasi haqdir", - dedi u.
18.99 . U Kunda (Qiyomatda, odamlarni) bir-birlariga aralashtirib tashlaymiz. Sur(nay) chalingach, ularning barchalarini to'playmiz.
18.100 . U Kunda kofirlarga jahannamni namoyish qilurmiz.
18.101 . Ularning ko'zlari (dunyoda) Mening zikrimdan to'silgan bo'lib, Ular (nasihatlarimni) eshitishga ham qodir emas edilar.
18.102 . Yoki kofir bo'lganlar Meni qo'yib, bandalarimni do'st tutishni o'yladilarmi?! Haqiqatan, Biz jahannamni kofirlar tushadigan joy qilib qo'ygandirmiz.
18.103 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Sizlarga qilmishlaridan eng ko'p ziyon ko'ruvchilarning xabarini beraylikmi?!
18.104 . Ular qilgan sa'y (harakat)lari dunyo hayotidayoq yo'q bo'lib ketgan-u, ammo o'zlarini ishni chiroyli qilayotgan hisoblaydilar"
18.105 . Ular Parvardigorlarining oyatlarini va U zot bilan muloqotda bo'lishni inkor etishib, butun ish (amal)lari behuda ketgan kimsalardir. Bas, Biz Qiyomat kunida ular (amallari) uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz!
18.106 . Kofir bo'lganlari hamda oyatlarimni va payg'ambarlarimni masxara qilganlari sababli, ularning jazolari o'sha jahannamdir!
18.107 . Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun Firdavs bog'lari manzil bo'lur.
18.108 . Ular, u joylarda mangu qolurlar, undan (boshqa joyga) ko'chishni istamaslar.
18.109 . Ayting: "Bordiyu dengiz (suvi) Rabbimning so'zlari (ilmu hikmatlarini bitish) uchun siyoh bo'lsa va yana shuncha siyoh keltirsak ham, Rabbimning so'zlari bitishdan ilgari, u dengizlar tugab bitar!"
18.110 . (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Darhaqiqat, men ham sizlar kabi bir bashardirman. (Faqat) menga ilohingiz yolg'iz Iloh ekani haqida vahiy etilmoqda. Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo'lishdan umidvor bo'lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!"