') //-->
16.1 . Allohning amri (qiyomat) keldi. Bas, sizlar (ey, mushriklar), uni qistamay qo'ya qolinglar! (Alloh) ular keltirayotgan shirkdan pok va yuksakdir.
16.2 . (Alloh O'z) amri bilan xohlagan bandalariga farishtalarni (shunday) vahiy bilan tushirur: ("Ey, payg'ambarlarim! Insonlarni) ogohlantiringlarki, Mendan o'zga iloh yo'q. Bas, (barchalaringiz) Mendangina qo'rqingiz!"
16.3 . (U) osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratdi. (Mushriklar) keltirayotgan shirkdan U yuksakdir.
16.4 . Insonni nutfa (bir tomchi modda)dan yaratdi. U esa, banogoh, ochiq "raqib"dir.
16.5 . U yana sizlar uchun issiq (kiyim) va (turli) manfaatlar bo'lsin, deb, chorva mollarini ham yaratdi va ulardan sizlar yeysizlar ham.
16.6 . Yana sizlar uchun ularda kechqurun (o'tloqdan) qaytayotgan va tongda (o'tloqqa) ketayotgan paytida go'zal manzara paydo bo'lur.
16.7 . Shuningdek, ular sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko'tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir.
16.8 . U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur.
16.9 . To'g'ri yo'lni qasd etish (unga hidoyat etish) yolg'iz Alloh zimmasidadir. (Zotan, yo'llar) ichida qing'iri ham bordir. Agar (Alloh) xohlaganida, sizlarning barchangizni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilgan bo'lur edi.
16.10 . U osmondan sizlar uchun ichimlik bo'lmish suvni yog'dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan daraxtlar (o'simliklar) ham o'sha suvdan (ichar).
16.11 . U sizlar uchun o'sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bu (ish)da tafakkur qiladigan qavm uchun alomat bordir.
16.12 . U sizlar uchun kecha va kunduzni, quyosh va oyni bo'yin sundirib qo'ydi. Yulduzlar ham Uning amriga bo'yin sundirilgandir. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun alomatlar bordir.
16.13 . Yana U sizlar uchun yerda yaratib qo'ygan rang-barang narsalarni ham (sizlarga bo'yin sundirdi). Albatta, bunda eslatma oladigan qavm uchun alomat bordir.
16.14 . U yangi go'sht (baliq go'shti) yeyishlaringiz va taqadigan taqinchoqlar chiqarib olishlaringiz uchun (sizlarga) dengizni ham bo'yin sundirib qo'ygan zotdir. Unda yana (suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko'rasiz. Uning fazli (rizqi)dan talab etishingiz va (ne'matlariga) shukr qilishingiz uchun (shunday qildi).
16.15 . U yana, Yer sizlarni tebratmasligi uchun unda tog'larni barpo qildi, (ichimlik va ekinlaringiz uchun) daryolarni (oqizib qo'ydi) va to'g'ri yurishlaringiz uchun yo'llarni (paydo qildi).
16.16 . (Yo'llarga) belgilar ham (qo'ydi). Yulduzlar bilan esa ular yo'l topurlar.
16.17 . (Ey, mushriklar), axir (barcha mavjudotni) yaratadigan zot (Alloh) bilan (hech narsa) yarata olmaydigan (but-sanamlaringiz) barobarmi?! Bas, o'ylamaysizlarmi?!
16.18 . Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangizlar, sanog'iga yeta olmaysizlar. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir.
16.19 . Alloh yashirgan narsalaringizni ham, oshkor qilgan narsalaringizni ham bilur.
16.20 . (Mushriklarning) Allohni qo'yib, sig'inayotgan narsalari (ma'budalari) biror narsani yaratuvchi emasdir, balki o'zlari yaratiluvchidirlar.
16.21 . (Ular) o'likdirlar, tirik emasdirlar. Ular (o'zlariga sig'inayotgan mushriklarning) qachon qayta tirilishlarini ham sezmaydilar.
16.22 . Ilohingiz yagona ilohdir. Bas, oxiratga imon keltirmaydiganlarning dillari (Uning yagona ekanligini) inkor qilur va ular mutakabbirdirlar.
16.23 . Shubha yo'qki, Alloh ularning yashirgan narsalarini ham, oshkor qilgan narsalarini ham bilur. Albatta, U mutakabbirlarni sevmas.
16.24 . Ularga: "Rabbingiz (Muhammadga) nimani nozil qildi?" - deyilsa, ular (masxara qilishib): "Avval o'tganlarning afsonalarini",- deydilar.
16.25 . Ular (bu yolg'on so'zlarni) qiyomat kunida, o'zlarining barcha gunohlarini hamda o'zlari johilona yo'ldan ozdirgan kimsalarning gunohlaridan ham (bir qismi)ni bo'yinlariga olish uchun (aytgandirlar). Ogoh bo'lingizki, ular bo'yniga olgan narsa (gunohlar) juda yomondir.
16.26 . Ulardan oldingi (kofir)lar ham (o'z payg'ambarlariga shunday) makrlarni qilgan edilar. Shunda Alloh ular (qurgan makr) binolarini poydevorlari bilan qo'porib tashladi, bas, tom o'zlarining ustiga quladi va ularga o'zlari sezmagan (kutmagan) tarafdan azob keldi.
16.27 . So'ngra qiyomat kunida (Alloh) ularni yana rasvo qilur va aytur: "Sizlar yonlarini olib tortishib yurgan Mening "sherik"larim qayerda qolishdi?!" (Shunda) ilm berilgan (payg'ambar va ulamo)lar derlar: "Darhaqiqat, bugun rasvolik va noxushlik kofirlargadir".
16.28 . Ularni o'zlariga zulm qilgan hollarida farishtalar vafot etdirurlar. Shunda ular sulhga kelishib: "Bizlar biror yomonlik qilgan emasmiz" (derlar). Yo'q! Shaksiz, Alloh qilgan ishlaringizni biluvchidir.
16.29 . Endi o'zlaringiz mangu qoladigan jahannam darvozalaridan kiringiz! Mutakabbirlarning joylari naqadar yomon!
16.30 . Taqvoli bo'lganlarga: "Rabbingiz (O'z payg'ambariga) nimani nozil qildi?" - deyilganida, ular: "Yaxshilikni", - derlar. Bu dunyoda chiroyli ish qilganlar uchun chiroyli mukofot bo'lur. Lekin, shubha yo'qki, oxirat diyori yanada yaxshiroqdir. Taqvodorlarning diyorlari naqadar yaxshi!
16.31 . Ular ostidan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlarga kirurlar. Ular uchun u yerda xohlagan narsalari bordir. Taqvodorlarni Alloh mana shunday mukofotlar.
16.32 . Ular (shirk va gunohdan) pok bo'lgan hollarida, farishtalar vafot etdira turib: "Sizlarga salom! Qilib o'tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz", - derlar.
16.33 . (Kofirlar esa) faqat o'zlariga (o'lim) farishtalari kelishini yoki Rabbingizning amri (azobi) kelishini kutarlar. Ulardan oldin o'tgan (kofir)lar ham mana shunday qilgan edilar. Ularga Alloh zulm qilgani yo'q, balki ular o'zlariga zulm qiluvchi edilar.
16.34 . Bas, qilgan yomonliklari o'zlariga yetdi va masxara qilgan narsalari o'zlarini tutdi.
16.35 . Mushrik bo'lganlar: "Agar Alloh xohlaganida, biz (ham), ota-bobolarimiz (ham) Undan o'zga biror narsaga sig'inmagan va Uning (hukmisiz) biror narsani harom qilmagan bo'lur edik", - deydilar. Ulardan oldin o'tgan (kofir)lar ham shunday qilgan edilar. Payg'ambarlar zimmasida faqat (Allohning vahiysini odamlarga) ochiq yetkazishlik (vazifasi) bordir.
16.36 . Darvoqe, Biz har bir ummatga: "Allohga ibodat qilinglar va shaytondan yiroqlashinglar", (degan vahiy bilan) payg'ambar yuborganmiz. Shunda ular orasida Alloh hidoyat qilganlari ham, shuningdek, yo'ldan ozishligi qat'iy bo'lganlar ham bo'lgan. Bas, Yer yuzida sayr qilib, (payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqarganlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ringlar!
16.37 . (Ey, Muhammad,) agar Siz u (mushrik)larning hidoyat topishlariga qiziquvchan bo'lsangiz (bilingki), Alloh o'zi adashtiradigan kimsalarni sira hidoyat qilmas va ularga madad beruvchilar ham bo'lmas.
16.38 . Ular zo'r berib: "Alloh o'lganlarni qayta tiriltirmaydi", - deb Alloh nomiga qasam ichdilar. Yo'q! (Albatta, tiriltirur!) Bu - Uning haqqoniy va'dasidir. Lekin, odamlarning aksariyati bilmaydilar.
16.39 . Ularga o'zlari ixtilof qilayotgan narsalarini ajrim qilib berish uchun, hamda kofir bo'lganlar o'zlarining yolg'onchi ekanliklarini bilishlari uchun ham (qayta tiriltirur).
16.40 . Biz biror narsani iroda qilsak, unga aytadigan so'zimiz: "Bo'l!" - deyishdir. Bas, (o'sha narsa) bo'lur.
16.41 . Zulm qilinganlaridan so'ng, Alloh yo'lida hijrat qilganlarni, albatta, bu dunyoda ham go'zal (maqomlar)ga joylashtirurmiz. Oxirat mukofoti esa, yanada kattaroqdir. Qani, endi (buni odamlar) bilsalar edi!
16.42 . Ular sabr qilgan va Parvardigorlarigagina tavakkul etganlardir.
16.43 . (Ey, Muhammad,) Sizdan oldin ham faqat (Siz kabi) kishilarnigina (payg'ambar qilib) yuborib, ularga vahiy nozil etib turganmiz. Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangizlar, ahli zikrlardan (ya'ni, Tavrot va Injilni biladiganlardan) so'rangizlar!
16.44 . (Biz payg'ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ahkomlar)ni bayon qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur'onni) nozil qildik.
16.45 . Yomonliklar makrini qilganlar o'zlarini yer yutishidan yoki sezmagan taraflaridan azob kelib qolishidan xotirjammilar?!
16.46 . Yoki (safarda) aylanib yurganlarida ularni (ofat) tutgach, (hech kimni) ojiz qoldira olmasliklaridan (qo'rqmaydilarmi)?!
16.47 . Yoki (qilmishlari oqibatidan) qo'rqib yurgan paytlarida, ularni (biror ofat) ushlab qolishidan (qo'rqmaydilarmi?!) Darhaqiqat, (yana ham) Rabbingiz mehribon va rahmlidir.
16.48 . Axir, ular Alloh yaratgan barcha narsalarning soyalari o'ngu so'llariga, Allohga bo'yin sunib sajda qilgan holda egilayotganini ko'rmadilarmi?!
16.49 . Osmonlar va Yerdagi barcha narsa - jonivorlar va farishtalar ham kibr qilmagan hollarida faqat Allohga sajda qilurlar.
16.50 . Ular (farishtalar) ustilaridagi (kuzatib turgan) Parvardigorlaridan qo'rqurlar va faqat o'zlariga buyurilgan ishlarnigina qilurlar.
16.51 . Alloh: "Ikki xudoni iloh qilib olmanglar! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo'rqingiz!" - dedi.
16.52 . Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo'lishi) vojibdir. Allohdan o'zgasidan qo'rqasizlarmi?!
16.53 . Sizlarda qaysi bir ne'mat bo'lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolborasizlar.
16.54 . So'ngra, (U) sizlardan (o'sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to'da (chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar.
16.55 . Bu ularga berganlarimizga noshukrchiliklaridir. Bas, (ey, mushriklar,) "foydalanib" qolinglar. Yaqinda, (qiyomat kunida haqiqatni) bilursizlar.
16.56 . Ular Biz rizq qilib bergan narsalardan o'zlari bilmaydigan narsa (butlari) uchun nasiba ajraturlar. (Ey, mushriklar), Allohga qasamki, albatta, sizlar o'zlaringiz to'qib olgan narsa (butlaringiz) to'g'risida, albatta, so'ralursizlar.
16.57 . Ular "Farishtalar Allohning qizlari" deyishib, da'vo qilishadi, U (bunday bo'htondan) pokdir. O'zlariga esa ko'ngillari xushlaydigan narsani (ya'ni, o'g'illarni) nisbat berishadi.
16.58 . Qaysi birlariga qiz (ko'rgani haqida) xushxabar berilsa, g'azabi kelib, yuzlari qorayib ketar.
16.59 . U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to'g'risida o'y surib), o'ziga xushxabar berilgan narsaning "yomon"ligidan (oriyat qilib,) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo'lingizkim, ularning bu hukmlari yaroqsizdir.
16.60 . Oxiratga imon keltirmaydiganlarda yomon masal bordir. Allohda esa eng oliy masal (sifat) bordir. U qudrat va hikmat egasidir.
16.61 . Agar Alloh odamlarni zulmlari sababli ushlaydigan (jazolaydigan) bo'lsa, unda (Yer yuzida) biror jonivorni (tirik) qo'ymagan bo'lur edi. Lekin, ularni ma'lum muddatgacha qo'yib berur. O'sha muddatlari yetib kelganida esa, uni biror soat ketga ham sura olmaydilar, oldinga ham.
16.62 . Ular o'zlari yomon ko'radigan narsa (qiz bolalar)ni Allohga tirkab, yana tillari o'zlariga chiroyli mukofot (jannat) bo'lishi haqida yolg'on so'zlaydi. Shubha yo'qki, ular do'zax ahllaridir va albatta, ular (do'zaxga) birinchilar (qatorida tashlanuvchilar)dir.
16.63 . (Ey, Muhammad), Alloh (nomim)ga qasamki, darhaqiqat, Biz Sizdan oldingi ummatlarga ham payg'ambarlar yuborganimizda, shayton ularga o'zlarining (razil) ishlarini chiroyli qilib ko'rsatgan edi. U bugun (bu dunyoda) ularning "do'sti"dir. (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir.
16.64 . Biz Sizga imon keltiradigan qavm uchun hidoyat va rahmat bo'lmish Kitob (Qur'on)ni ularga o'zlari ixtilof etayotgan narsalarini aniq qilib berishingiz uchungina nozil qildik.
16.65 . Alloh osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u sababli "o'lik" yerni "tiriltirdi". Albatta, bunda (nasihatga) quloq tutadigan qavm uchun alomat bordir.
16.66 . Darvoqe, sizlar uchun chorva hayvonlarida ham ibrat bordir; sizlarni ularning qorinlaridagi najosat va qon oralaridan chiquvchi, (lekin) ichuvchilar uchun ishtahali toza sut bilan sug'orurmiz.
16.67 . Xurmo va uzumlarning mevalaridan esa aroq va go'zal (halol) rizq olursizlar. Albatta, bunda ham anglaydigan qavm uchun alomat bordir.
16.68 . (Ey, Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (bo'yruq) qildi: "Tog'larga, daraxtlarga va (odamlar) quradigan narsalarga in quringiz.
16.69 . So'ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo'ygan yo'llardan yuringiz!" Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo'lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir.
16.70 . Sizlarni Alloh yaratdi. So'ngra vafot etdiradi ham. Sizlarning orangizda eng tuban umr ko'rishga (keksayib, zaif holatga) qaytarilib, ilgari bilgan narsalarining hech birini bilmay qoladigan kishilar ham bordir. Albatta, Alloh bilimli va qudratlidir.
16.71 . Alloh ba'zilaringizdan ba'zilaringizni rizqda yuqori qilib qo'ydi. Bas, bu (rizqda) yuqori qilinganlar o'zlarining rizqlarini qo'l ostidagi (qul)lariga bermaydilarki, barchalari (rizqda) barobar bo'lib olsalar. Bas, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?!
16.72 . Alloh sizlar uchun o'zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o'g'illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi. Bas, (ular) botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?!
16.73 . Allohni qo'yib, ular uchun osmonlar va yerdan biror narsani rizq qilib bermaydigan va bera olmaydigan (but)larga sig'inadilarmi?!
16.74 . Bas, Allohga (zarbul) masal to'qimanglar! Albatta, Alloh bilur, sizlar bilmaysizlar.
16.75 . Alloh shunday bir misol keltirur: hech narsaga kuchi yetmaydigan qaram qul bilan Biz o'z tarafimizdan yaxshigina rizq berib, o'sha rizqdan yashirin va oshkora ehson qilayotgan (hur) kishi barobar bo'ladimi? Hamd Allohga (xos)dir. Lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar.
16.76 . Alloh yana ikki kishi haqida misol keltirur: ulardan biri hech narsaga kuchi yetmaydigan soqovdir. U egasiga (ortiqcha) yuk bo'lib (xojasi) uni qayerga yuborsa, biror yaxshilik (foyda) keltirmaydi. O'sha kimsa bilan o'zi To'g'ri yo'lda bo'lgani holda, (o'zgalarni ham) adolatga buyuradigan kishi barobar bo'lurmi?!
16.77 . Osmonlar va Yerning g'ayb (ilm)i Allohga xosdir. Qiyomat ishi (qoyim bo'lishi) ko'zni ochib-yumish yoki undan ham yaqinroqdir. Darhaqiqat, Alloh hamma narsaga qodirdir.
16.78 . Alloh sizlarni onalaringiz qorinlaridan biror narsani bilmaydigan holingizda chiqardi va shukr qilishingiz uchun sizlarga quloq, ko'zlar va dillarni berdi.
16.79 . Osmon fazosida (uchishga) bo'yin sundirilgan qushlarga boqmaydilarmi?! Ularni faqat Alloh tutib turibdi-ku! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun alomatlar bordir.
16.80 . Alloh sizlar uchun uylaringizni oromgoh qildi va sizlar uchun chorva hayvonlarining terilaridan ko'chadigan kuningizda va qo'nadigan kuningizda yengil ko'tarib keta oladigan ovullar (bunyod) etdi hamda (qo'ylarning) junlaridan, (tuyalarning) yunglaridan va (echkilarning) tivitlaridan ma'lum bir vaqtga qadar foydalaniladigan jihoz va matohlar (yaratdi).
16.81 . Alloh sizlar uchun o'zi yaratgan narsalardan soya joylar (bunyod) etdi va sizlar uchun tog'lardan boshpanalar qildi hamda sizlar uchun issiq (va sovuq)dan asraydigan kiyimlar va sizlarni (turli) xavfdan saqlaydigan sovutlar yaratdi. (Imon keltirib) musulmon bo'lursizlar, deb sizlarga o'z ne'matini U mana shunday komil qilib berur.
16.82 . (Ey, Muhammad,) agar ular (Sizdan) yuz o'girsalar, u holda Sizning zimmangizda faqat (haqiqatni) ravshan qilib yetkazish bor, xolos.
16.83 . (Ular) Allohning ne'matini taniydilar, keyin esa uni inkor etadilar. Ularning aksariyati kofirlardir.
16.84 . Har bir ummatdan Biz bir guvohni (o'sha ummatning payg'ambarini) keltirib qo'yadigan kunni eslang! So'ngra kofir bo'lganlarga (uzr aytish uchun) izn berilmas hamda ulardan (Allohni) rozi qilish ham talab qilinmas.
16.85 . Zulm qilganlar azobni ko'rganlarida (ya'ni, qiyomatda) ulardan (u azob) yengillatilmas va ularga muhlat ham berilmas.
16.86 . (O'sha kuni) mushrik bo'lgan kimsalar o'zlarining keltirgan shirklarini ko'rgan vaqtlarida: "Ey, Rabbimiz! Anavilar Bizlar Seni qo'yib, sig'ingan ilohlarimiz", - deganlarida, (butlar bunga javoban): "Sizlar, haqiqatan, yolg'onchidirsizlar", - deb gap qoturlar.
16.87 . Ular u Kunda Allohga (o'zlarini) taslim qilurlar va o'zlari to'qib olgan ("iloh")lari esa ulardan g'oyib bo'lur.
16.88 . Kufrda bo'lgan va (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sgan kimsalarga buzg'unchilik qilganlari sababli azob ustiga azobni ziyoda qilurmiz.
16.89 . Har bir ummat ichidan o'zlari uchun o'zlaridan bir guvohni (ya'ni, payg'ambarni) keltiradigan kunimizni eslang! Sizni esa (Ey, Muhammad), ana ular (o'z ummatingiz)ga guvoh qilib keltirurmiz. Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo'lgan Kitob (Qur'on)ni nozil qildik.
16.90 . Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytarur. (U) eslatma olursizlar, deb sizlarga nasihat qilur.
16.91 . Ahdlashganingizda, Allohga bergan ahdingizga vafo qilingiz! Allohni kafil qilib ichgan qasamlaringizni (Alloh nomi bilan) mustahkam qilganingizdan keyin buzmangiz! Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur.
16.92 . Sizlar bir jamoa boshqa bir jamoadan (son yo boylik jihatidan) ortiqroq bo'lgani uchun qasamlaringizni (buzib) uni aldov vositasi qilishingiz bilan xuddi o'zi to'qigan narsasini puxta bo'lganidan so'ng parchalab buzib tashlagan ayolga o'xshab qolmangiz! Albatta, Alloh bu bilan sizlarni sinab ko'rar va albatta, qiyomat kunida sizlarga ixtilof qilib yurgan narsalaringizni bayon (ajrim) qilib berur.
16.93 . Agar Alloh xohlaganida, albatta, sizlarni bir ummat qilgan bo'lur edi. Lekin, U, o'zi xohlagan kimsalarni yo'ldan ozdirur va o'zi hohlagan kishilarni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilur. Albatta, qilib o'tgan amallaringizdan so'ralursizlar.
16.94 . Qasamlaringizni o'zaro aldov vositasi qilib olmangiz! Aks holda (Islom yo'lida) mahkam o'rnashgan oyoq toyib ketur va Alloh yo'lidan to'sganingiz sababli yomonlik (balo va musibatlar)ni totib qolursizlar hamda (oxiratda) sizlar uchun ulkan azob bordir.
16.95 . Allohning ahdini ozgina qiymatga sotib yubormangiz! Agar bilsangizlar, albatta, Alloh dargohidagi narsa (ajr-savob) sizlar uchun (dunyo matohlaridan) yaxshiroqdir.
16.96 . Sizlarning huzurlaringizdagi narsa(lar) tugab ketur. Alloh dargohidagi narsa(lar) esa boqiydir. Biz, albatta, sabr etganlarni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroylilari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz.
16.97 . Erkakmi yo ayolmi - kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga pok hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroyligi barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz.
16.98 . Qachonki, Qur'on o'qisangiz, albatta, quvg'in etilgan shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so'rangiz!
16.99 . Albatta, imon keltirgan va faqat Parvardigorlariga tavakkul qiladiganlar ustidan u (shayton) uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo'qdir.
16.100 . Uning hukmronligi faqat uni do'st tutib, Unga shirk keltiruvchilar ustidandir.
16.101 . Qachonki, (Biz) bir oyat o'rniga boshqa bir oyatni almashtirsak, - holbuki, Alloh o'zi nozil qiladigan oyatlarni yaxshi biluvchidir - ular (payg'ambarga): "Haqiqatan, sen o'zing to'qib oluvchisan", - deydilar! Yo'q! Ularning ko'plari (buning hikmatini) bilmaydilar!
16.102 . (Ey, Muhammad! Ularga) uni (ya'ni, Qur'onni) Ruhul-Qudus (Jabroil) Rabbingiz (tarafi)dan imon keltirganlarni (dinda) sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat bo'lgan holida barhaq nozil qilganini ayting!
16.103 . Aniqki, (Biz) ularning: "Unga (Muhammadga Qur'onni) biror odam o'rgatmoqda", - deyayotganlarini bilurmiz. (Lekin) ular ishora qilayotgan kimsaning tili ajamiy (arabiy emas), bu (Qur'on) esa aniq arabiydir.
16.104 . Albatta, Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlarni Alloh hidoyat qilmas. Ular uchun alamli azob bordir.
16.105 . Yolg'on so'zlarni faqat Alloh oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qurlar. Aynan o'shalarning o'zlari yolg'onchilardir.
16.106 . Kim Allohga imon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir bo'lsa (holiga voy!) Lekin kimning qalbi imon bilan xotirjam holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, u mustasnodir. Ammo kimki ko'ngilni kufrga ochsa, bas, u (kabi)larga Alloh (tomoni)dan g'azab va ulkan azob bordir!
16.107 . Bu (azob-uqubatlar)ga sabab ularning dunyo hayotini oxiratdan afzal bilishlari va Allohning kofirlar qavmini hidoyat qilmasligidir.
16.108 . Ana o'shalar dillarini, quloqlarini va ko'zlarini Alloh muhrlab qo'ygan kishilardir va ana o'shalar g'ofillardir.
16.109 . Shak yo'qki, oxiratda ziyon ko'ruvchilar ham o'shalardir.
16.110 . So'ngra, albatta, Rabbingiz, fitnalarga duchor bo'lganlaridan keyin (Makkadan Madinaga) hijrat qilgan, so'ng (Alloh yo'lida) jihod qilib, (mashaqqatlarga) sabr qilgan zotlar uchun, albatta, Rabbingiz shulardan keyin (ularni) mag'firat qiluvchi va rahm etuvchidir.
16.111 . Har bir jon (egasi) faqat o'zi uchun tortishadigan va har bir jon (egasi) qilgan amalining (mukofotini) zulm qilinmagan holda to'la oladigan Kunni (eslang).
16.112 . Alloh bir shaharni (ya'ni, Makkani) misol keltirur: u tinch, sokin (shahar) edi, har tomondan rizqi kengu mo'l kelib turar edi. Bas, u (aholisi) Allohning ne'matiga noshukrlik qilgach, Alloh unga (aholisiga) bu "hunarlari" sababli ochlik va xavf libosi (balosi)ni totdirib qo'ydi.
16.113 . Darhaqiqat, ularga o'zlaridan (chiqqan) bir payg'ambar kelganida, uni yolg'onchiga chiqarishgach, zolim bo'lgan hollarida ularni azob tutdi.
16.114 . Bas, (ey, mo'minlar,) Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning poklarini yenglar hamda, agar Allohga ibodat etuvchi bo'lsangizlar, Uning ne'matlariga shukr qilinglar!
16.115 . U sizlarga o'limtikni, qonni, cho'chqa go'shtini va Allohdan o'zgaga atalib so'yilgan narsalarnigina harom qildi. Bas, kimki zulm qilmagan va haddan oshmagan holda zaruratga uchrasa (mazkur narsalardan o'lmagudek miqdorda yesa), bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.
16.116 . Alloh nomidan yolg'on to'qib, tillaringizga kelgan yolg'onni gapirib: "Bu halol, bu harom" deyavermanglar! Chunki, Alloh sha'niga yolg'on to'qiydigan kimsalar sira najot topmaslar.
16.117 . (Unday kimsalar uchun dunyoda) ozgina rohat (bo'lur). (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir.
16.118 . (Ey, Muhammad,) yahudiy bo'lgan kimsalarga ilgari (An'om surasida) Sizga Biz so'zlab bergan narsalarni harom qildik. Biz ularga zulm qilmadik, balki ular o'zlariga (o'zlari) zulm qiluvchi bo'ldilar.
16.119 . So'ngra (bilingki), albatta, Rabbingiz, bilmagan holda gunoh qilib qo'yib, keyin tavba qilgan va o'zlarini tuzatgan kishilar uchun, shubhasiz, o'sha (tavbalari)dan so'ng Rabbingiz kechirimli va rahmlidir.
16.120 . Albatta, Ibrohim Allohga itoat qiluvchi, haq yo'ldan chalg'imagan bir ummat (imom) edi. Mushriklardan emas edi.
16.121 . (Allohning) ne'matlariga shukr qiluvchi edi. (Alloh) uni (payg'ambarlikka) tanlab, To'g'ri yo'lga hidoyat etdi.
16.122 . Unga bu dunyoda ezgulik ato etdik. Albatta, u oxiratda ham solihlardandir.
16.123 . So'ngra, (Ey, Muhammad,) Sizga haq yo'ldan chalg'imagan Ibrohimning diniga ergashing, u mushriklardan emas edi, deb vahiy yubordik.
16.124 . "Shanba" (u kunni ulug'lash) faqatgina u kun haqida ixtilof qilgan kimsalarning (Isroil avlodining) zimmasiga (farz) qilingan edi. Albatta, Rabbingiz qiyomat kuni ularning o'rtasida o'zlari ixtilof qilib o'tgan narsalar to'g'risida hukm qilur.
16.125 . (Ey, Muhammad,) Rabbingizning yo'li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal uslubda munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning o'zi Uning yo'lidan chalg'igan kimsalarni yaxshi biluvchi va U hidoyat topganlarni ham biluvchiroqdir.
16.126 . (Ey, imon keltirganlar,) agar intiqom olmoqchi bo'lsangizlar, u holda faqat sizlarga yetkazilgan ziyon barobarida intiqom olingiz! Agar (intiqom olmay) sabr qilsangizlar, albatta, bu sabr qiluvchi kishilar uchun yaxshiroqdir.
16.127 . Ey, Muhammad!) Sabr qiling. Sabr qilishingiz esa faqat Alloh (yordami) bilangina mumkindir. Ularga (ya'ni, mushriklarning qilmishlari sababli) g'amgin bo'lmang! Ularning makr qilishlaridan siqilmang ham!
16.128 . Zotan, Alloh taqvoli bo'lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir.