RA`D surasi

13.1 . Alif, Lom, Mim, Ro. Ushbu (sura oyatlari) Kitob (Qur'on) oyatlaridir. (Ey, Muhammad!) Sizga nozil qilingan bu narsa (Qur'on) haqiqatdir, lekin odamlarning aksariyati imon keltirmaydilar.

13.2 . Alloh osmonlarni, ko'rib turganingizdek ustunsiz ko'tarib qo'ygan, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan hamda quyosh va oyni (O'z amriga) bo'yin sundirgan zotdir. Har biri muayyan muddatgacha (ya'ni, qiyomat qoyim bo'lgunicha) jarayonda bo'lur. (Alloh barcha) ishning tadbirini qilur va sizlar (qiyomat kunida) Rabbingizga ro'baro' bo'lishga imon keltirishingiz uchun oyatlarni mufassal bayon qilur.

13.3 . U Yerni yoyib qo'ygan va unda tog'lar va daryolar paydo qilgan zotdir. U Yerdagi har mevani ikkitadan - juft-juft (ya'ni, erkakurg'ochi) qilib yaratdi. U kecha bilan kunduzni qoplaydi. Albatta, bu (misollar)da fikr yuritadigan qavm uchun alomatlar bordir.

13.4 . Yerda bir-biriga yonma-yon, bo'lak-bo'lak (unumdor va unumsiz) yerlar, uzumzor bog'lar, ekinzorlar va shoxlagan va shoxlamagan xurmolar bo'lib, (hammasi) bir suv bilan sug'orilur. Biz ularning biridan birining ta'mini totliroq qilib qo'yurmiz. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun alomatlar bordir.

13.5 . Agar ajablansangiz, u holda ularning (kofirlarning): "Tuproq bo'lib ketgach, yana yangitdan yaratilamizmi?" - degan gaplari ajablanarliroqdir. Ana o'shalar Parvardigorlarini inkor etganlardir. (Qiyomat kunida) ana o'shalarning bo'yinlarida zanjirlar bo'lur. Ana o'shalar do'zax ahli bo'lib, o'sha joyda mangu qolurlar.

13.6 . Ular Sizdan yaxshilik (Alloh rahmati)dan avval yomonlik (azobi)ni talab qiladilar. Ulardan oldin ham bunday misollar o'tgandir. Albatta, Rabbingiz odamlarga (ular) zulm qiluvchi bo'lsalar ham mag'firatlidir. Albatta, Rabbingiz azobi qattiq zotdir.

13.7 . Kofir bo'lganlar: "Unga (Muhammadga) Parvardigori tomonidan biror mo''jiza nozil qilinsa edi", - deydilar. Siz esa faqat ogohlantiruvchidirsiz. Har bir qavm uchun hidoyat qiluvchi (payg'ambar) bordir.

13.8 . Faqat Allohgina har bir ayolning homilasini, bachadonlar (muddatidan ilgari) tashlaydigan (bola)ni ham, (to'qqiz oydan) ortiqroq turib qoladigan (bola)ni ham bilur. Uning dargohida har bir narsa o'lchovlidir.

13.9 . (U) maxfiy va oshkora (narsa)ni biluvchi buyuk va yuksak zotdir.

13.10 . Sizlarning orangizdagi o'z gapini yashirgan kishi ham, uni oshkora qilgan kishi ham, kecha qorong'usida yashirinuvchi ham, kunduzi (oshkora) yuruvchi ham (Uning uchun) barobardir.

13.11 . Uning (insonning) oldida ham, ortida ham ta'qib qiluvchi (farishtalar) bo'lib, ular Allohning amri bilan uni muhofaza qilib tururlar. Albatta, Alloh biror qavm o'zlaridagi narsa (yaxshi holat)ni o'zgartirmagunlaricha, ulardagi narsa (holat)ni o'zgartirmas. Alloh biror qavmga yomonlikni ravo ko'rsa, bas, uni qaytarib bo'lmas va ular uchun Undan o'zga hokim yo'qdir.

13.12 . U sizlarga (momoqaldiroq ovozidan) qo'rqqan va (yomg'ir yog'ishidan) umidvor bo'lgan holingizda chaqmoqni ko'rsatadigan va og'ir bulutlarni paydo qiladigan zotdir.

13.13 . Momaqaldiroq (ham) Unga hamd bilan tasbeh aytur. Farishtalar ham Undan qo'rqqanlaridan (tasbeh ayturlar). Chaqmoqlar yuborib, ular bilan O'zi xohlagan kimsalarni - ular Alloh xususida talashib-tortishib turgan hollarida, urar. U qattiq tadbirli zotdir.

13.14 . Haqiqiy duo faqat Unga (qilinur). Undan o'zga - (mushriklar) duo qilayotgan (butlar) ularning birorta duosini mustajob qilmas. Illo, ular kaftlarini suvga cho'zib, u suv og'ziga yetishini kutib turgan bir kimsaga o'xshaydilar. Holbuki, u (suv) uning og'ziga yetuvchi emasdir. Kofirlarning duolari mutlaqo zoyedir.

13.15 . Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar.

13.16 . Ey, Muhammad,) ayting: "Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?", "Alloh", - deb javob qiling! "Bas, Uni qo'yib, o'zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo'lmaydigan (but va sanam)larni do'st tutdingizmi?" - deng! Yana ayting: "Ko'r (gumroh) bilan ko'ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo'lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo'lurmi?" Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilishib olganu, ular ham yaratganlar, so'ngra ularga (ikki) yaratish o'xshash bo'lib qoldimi? Ayting: "Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U tanho va g'olibdir".

13.17 . (Alloh) osmondan suv (yomg'ir) yog'dirganida jilg'alar miqdori bilan oqib, (bu) sel o'z ustida ko'piklarni ham ko'tarib kelur. (Odamlar) zeb-ziynat yoki asbob-uskuna (yasash) uchun yoqadigan (olov)lardan ham shunga o'xshash (chiqindi paydo) bo'lur. Alloh haq bilan botilni (mana shunday misol bilan) bayon qilur. Bas, ko'pik o'z-o'zidan yo'q bo'lib ketur. Odamlarga foydali bo'lgan narsa esa Yerda qolur. Alloh misollarni mana shunday bayon qilur.

13.18 . Parvardigorlari (da'vati)ga ijobat etganlar uchun go'zal mukofot (jannat) bordir. Unga ijobat qilmaganlar esa, mabodo yerdagi bor narsa (yana) ikki barobar (ko'payib) ularniki bo'lsa, uni (Allohning azobidan qutulish uchun) fido qilgan bulur edilar. Ular uchun yomon hisob-kitob bo'lur. Ularning (borar) joylari jahannamdir. Naqadar yomon joy u!

13.19 . (Ey, Muhammad,) axir, Sizga Rabbingiz tomonidan nozil qilingan narsa aniq haqiqat ekanini biladigan kishi (qalb ko'zi) ko'r kimsaga o'xshaydimi? (Bu oyatlardan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar.

13.20 . Ular Allohga bergan ahdlariga vafo qiladigan va miysoq (va'da)ni buzmaydiganlardir.

13.21 . Ular Alloh bog'lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni, qarindoshlar bilan aloqani) bog'laydilar, Parvardigorlaridan qo'rqadilar va hisob-kitobning noxush bo'lishidan cho'chiydilar.

13.22 . Parvardigorlarining "yuzini" istab, (turli mashaqqatlarga) sabr qilib, namozlarini to'kis ado etgan va Biz rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilgan hamda yomonlikka yaxshilik qaytaradigan zotlar - aynan o'shalar uchun oxirat diyori (bordir).

13.23 .(U abadiy) turiladigan jannatlar bo'lib, (ular) u joylarga ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlaridan iborat solih (banda)lar bilan birga kirurlar. So'ng ularning huzurlariga har (bir) eshikdan farishtalar kirib (derlar):

13.24 ."(Alloh yo'lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o'tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo'lgay. Oxirat diyori naqadar yaxshi!"

13.25 . Alloh bilan ahd bog'laganlaridan keyin uni buzadigan, Alloh bog'lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va Yer yuzida buzg'unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) la'nat bo'lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) border

.

13.26 . Alloh (O'zi) xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. (Mushriklar) mana shu dunyo hayoti bilan shodmon bo'ldilar, holbuki, bu dunyo hayoti oxirat oldida faqat (bir arzimas) matodir.

13.27 . Kufrda bo'lganlar: "Unga (Muhammadga) Parvardigori tomonidan biror oyat (mo''jiza) nozil qilinsa edi", - deydilar. Ayting: "Albatta, Alloh (O'zi) xohlaganlarni adashtirur va (Allohga) qaytgan kishilarni hidoyat qilur".

13.28 . Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur.

13.29 . Imon keltirib, solih amallarni qilganlar uchun xushnudlik va go'zal oqibat (jannat) bordir.

13.30 . (Ey, Muhammad,) shunday qilib, Sizni (ko'pdan-ko'p) ummatlardan keyin kelgan bir ummatga - ular Mehribon (Alloh)ni inkor qilib turgan hollarida - (Biz) Sizga vahiy qilgan narsalarni tilovat qilib berishingiz uchun payg'ambar qilib yubordik. Ayting: "U mening Rabbimdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Ungagina tavakkul qildim va tavbam Ungaginadir".

13.31 . Bordiyu bir Qur'on bo'lib, uning (kuchi) bilan tog'lar (joyidan) jildirilsa yo uning (kuchi) bilan Yer yorilsa yoki uning (kuchi) bilan o'liklar tilga kiritilganda ham (kofirlar imon keltirmaydilar). Aksincha, barcha ish Alloh (izmi)dadir. Imon keltirganlar Allohning, agar xohlasa, barcha odamlarni albatta hidoyat qilishini bilmadilarmi? To Allohning va'dasi kelgunicha (ya'ni, Makka fath qilinguncha), kufrdagi kimsalarga o'zlarining qilmishlari sababli turli balolar yetar yoki ularning diyorlariga yaqin joylarga (ofat) tushar (va ularni notinch qilur). Albatta, Alloh va'daga xilof qilmas.

13.32 .(Ey, Muhammad,) Sizdan oldingi payg'ambarlar ham masxara qilinganida, (Men) o'sha kufr yo'lida bo'lgan kimsalarga (bir oz) muhlat berib, so'ngra ularni (O'zimning azobim bilan) ushlaganman. Bas, (ularga bergan) jazolarim qanday bo'ldi?!

13.33 . Har bir jonning qilgan amali ustidan (kuzatib) turuvchi Zot (his-tuyg'usiz but-sanamlarga o'xshaydimi?!) Ular (turli narsalarni) Allohga sherik qilib oldilar. (Ularga) ayting: "U butlaringizning nomlarini (va qila oladigan ishlarini) aytinglar-chi? Balki, (Allohga) Yer yuzidagi bilmaydigan biror narsadan xabar berarsizlar?! Yoki faqat yuzaki gap bilan (so'zlariga ishonib, sig'inib, yuraverasizlarmi?)" Yo'q! Kufrda bo'lgan kimsalarga o'zlarining makrlari chiroyli ko'rsatildi va ular (haqiqiy) Yo'ldan to'sildilar. Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, uning uchun biror hidoyat qiluvchi bo'lmas.

13.34 . Ular uchun dunyo hayotida azob bo'lur. Oxirat azobi esa og'irroqdir. Ularni Alloh (azobi)dan saqlovchi (kuch) yo'qdir.

13.35 . Taqvolilar uchun va'da qilingan jannatning misoli: uning ostidan anhorlar oqur, mevalari va soyalari boqiydir. Bu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do'zaxdir.

13.36 . Biz Kitob (Tavrot, Injil) ato etgan kishilar Sizga nozil qilingan narsa (Qur'on) sababli shodlanadilar. (Yahudiy va nasroniylardan iborat) guruhlar orasida (Qur'onning) bir qismini inkor etadiganlar ham bordir. (Ularga) ayting: "Albatta, men yolg'iz Allohga ibodat qilishga va Unga (birovni) sherik qilmaslikka buyurilganman. O'sha zotgagina (ibodat qilishga) da'vat eturman va qaytishim (ham) Uning huzurigadir".

13.37 . Shuningdek, Biz uni (Qur'onni) arabiy hukm sifatida nozil qildik. Qasamki, agar Sizga kelgan (shu) bilimdan so'ng ularning havo (xohish)lariga ergashsangiz, Siz uchun Alloh (tomoni)dan biror do'st ham, himoyachi ham yo'qdir.

13.38 . Darhaqiqat, Sizdan ilgari ham (ko'p) payg'ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz. Hech bir payg'ambar uchun Allohning iznisiz biror mo''jiza keltirish mumkin emas. Har bir vaqt uchun (munosib) kitob (hukm) bordir.

13.39 . O'zi xohlagan narsani (ya'ni, hukmni) o'chirur va (O'zi xohlagan hukmni) barqaror qilur. Ona Kitob (Lavhul-Mahfuz) Uning huzuridadir.

13.40 . Agar Sizga (ular uchun) va'da qilgan ba'zi narsalarni (ya'ni, azoblarimizni) ko'rsatsak ham yoki Sizni (oldinroq) vafot qildirsak ham, albatta, Sizning zimmangizda (dinni odamlarga to'la) yetkazish, Bizning zimmamizda esa hisob(-kitob) qilish bordir.

13.41 . (Makka mushriklari) Biz yer(lari)ga kelib, uni atrofidan qisqartirayotganimizni (fath qilinib kelayotganini) ko'rmadilarmi?! Alloh hukm qilur - Uning hukmini ta'qib etuvchi bo'lmas. U tez hisob(-kitob) qiluvchidir.

13.42 . Ulardan ilgarigi kimsalar ham (o'zlarining payg'ambarlariga nisbatan) makr qilganlar. Bas, makrning hammasi Allohnikidir. U har bir jonning qilayotgan ishini bilur. Yaqinda kofirlar diyor (oxirat) oqibati kimniki ekanini bilajaklar.

13.43 . Kofir bo'lgan kimsalar (sizga): "Payg'ambar emassan", - deydilar. Ayting: "Men bilan sizlarning oramizda Alloh va Kitob (Qur'on) ilmidan xabardor bo'lgan kishilar guvohlikka kifoya qilur".