') //-->
11.1 . Alif, Lom, Ro. (Bu) oyatlari mustahkam (qat'iy) qilingan, so'ngra Hakimu Dono bo'lmish zot tomonidan batafsil bayon etilgan Kitobdir.
11.2 . (Qisqacha bayoni esa): "Allohdan o'zgaga aslo sig'inmangizlar!" (degan xitobdir). Albatta, men (Muhammad) Uning nomidan ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman.
11.3 . (Alloh buyuradiki), Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangizlar, so'ngra Unga tavba qilingizlar, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur va har bir fazlli (karamli, saxiy) kishiga O'z fazlini ato etur. Agar yuz o'girsangizlar, bas, men sizlarga Ulug' kun (qiyomat) azobi (yetishi)dan qo'rqaman.
11.4 . Qaytish joyingiz Allohning huzuridir. U esa har narsaga qodirdir.
11.5 . Ogoh bo'lingizki, albatta, ular (kofirlar sirlarini) Undan maxfiy tutish uchun ko'kraklarini (boshqa tomonga) buradilar. Ogoh bo'lsinlarki, kiyimlariga o'ranib olganlarida ham (Alloh) yashirgan va oshkor qilgan narsalarini bilur. Albatta, U ko'krak (dil)lardagi sirlarni bilimdonidir.
11.6 . Yerda o'rmalovchi biror narsa (jonzot) yo'qki, uning rizqi (ta'minoti) Allohning zimmasida bo'lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir.
11.7 . U (Alloh) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq (yaxshiroq) ish qilishingizni sinash uchun osmonlar va Yerni olti kunda yaratgan zotdir. (U paytda) Arshi suv ustida edi. Agarda Siz: "Albatta, sizlar o'lgandan keyin tiriltirilursizlar", - desangiz, kufrga ketganlar: "Bu sehrdan o'zga narsa emas!" – deyishlari aniq.
11.8 . Bordiyu ulardan azobni ma'lum muddatgacha kechiktirsak, ular: "Uni (azobni) nima ushlab turibdi?" - deydilar. Ogoh bo'lsinlarki, (azob) keladigan kunida (uni) ulardan qaytarib bo'lmas va masxara qilib yurgan narsalari (azob) ularni qamrab olur.
11.9 . Agarda biz insonga O'z marhamatimizni tottirib, so'ngra (yana) uni tortib olsak, (qarabsizki) u noumid va noshukr (bo'lib qolur).
11.10 . Agarda unga biror zarar kelib ketgandan keyin ne'matlarni tottirib qo'ysak: "Yomonliklar mendan (o'zicha) ketdi", - deydi, albatta. Zero, u mag'rur va faxrlanuvchidir.
11.11 . Illo, sabrli bo'lgan va ezgu ishlarni qilganlarga, aynan o'shalarga mag'firat va katta mukofot bordir.
11.12 . Balkim, Siz "Unga biror xazina tushsa edi yoki u bilan birga (guvoh sifatida) biror farishta kelsa edi",- deganlari uchun Sizga vahiy qilinayotgan oyatlarning ba'zilarini tark etmoqchidirsiz va shu sababli yuragingiz siqilayotgandir. Siz, axir, faqat ogohlantiruvchisiz, Alloh esa har narsaga vakil (guvoh)dir.
11.13 . Yoki: "Uni (vahiyni Muhammad) to'qib chiqaryapti", - deydilarmi? Ayting: "Agar gaplaringiz rost bo'lsa, shunga o'xshash o'nta to'qilgan sura keltirib, Allohdan o'zga imkoningiz yetganicha (yordamga yoki guvohlikka) kimni bo'lsa ham chaqiringizlar!"
11.14 . Bas, agar (ular) sizlarga javob qilmasalar, bilingizki, albatta, nozil qilingan narsa (Qur'on) Allohning ilmi bilan (vahiy qilingan) ekan va Undan o'zga iloh yo'q ekan. Bas, endi sizlar musulmonmisizlar?!
11.15 . Kimki, dunyo hayoti va uning ziynatini istasa, u (kabi)larga amallari (savobi)ni shu (dunyo)da mukammal berurmiz va ular u yerda (dunyoda) ziyon qilmaydilar.
11.16 . Ana o'shalarga oxiratda do'zaxdan boshqa (narsa) yo'qdir. Qilgan (savobli) ishlari habata (barbod) va qilib yurgan amallari botil (hech) bo'lur.
11.17 . Parvardigori tomonidan hujjatga ega bo'lgan, ketidan Undan guvoh (Qur'on) kelgan, undan oldin peshvo va rahmat sanalmish Muso kitobi (Tavrot) ham bo'lgan kishi (faqat dunyo ne'matlarini istovchilar bilan barobarmi?!) Aynan o'shalar unga (Qur'onga) imon keltiradilar. Guruhlardan kimki uni inkor etsa, bas, unga atalgan joy do'zaxdir. Bas, unda shak qilmang! Albatta, U Rabbingizdan (kelmish) haqiqatdir. Lekin odamlarning aksariyati (bunga) imon keltirmaydilar.
\11.18 . Alloh nomidan yolg'on to'qigandan ham zolimroq kishi bormi?! Ana o'shalar (qiyomatda) Parvardigori bilan yuzma-yuz qilinurlar va guvohlar: "Ana shular Parvardigorlari nomidan yolg'on gapirganlar", - deydilar. Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur).
11.19 . (Ular) Allohning yo'lidan (odamlarni) to'sib, uni (yo'lni) chalkashtirmoqchi bo'ladilar va ular oxiratga munkirdirlar.
11.20 . Ana o'shalar Yer yuzida (hech kimni) ojiz qoldira olmagan va ular uchun Allohdan o'zga do'stlar ham bo'lmaganlardir. Ularga azob ziyodasi bilan berilur. (Ular haqni) eshita olmas va ko'rmas edilar.
11.21 . Ana o'shalar (qiyomatda) o'zlariga ziyon qilganlardir va ular (ko'zi)dan to'qib yurgan (but-sanam)lari g'oyib bo'lur.
11.22 . Shubha yo'qki, ular oxiratda ko'proq ziyon ko'ruvchilardir.
11.23 . Albatta, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan va Parvardigorlari (toati)ga bo'yin sunganlar - aynan o'shalar jannat ahlidirlar, ular u yerda mangudirlar.
11.24 . Ikkala guruh (kofir va mo'min)larning misoli xuddi ko'r bilan kar va ko'ruvchi bilan eshituvchilar kabidir. Ikkisi misolda barobar bo'ladimi?! Eslab ko'rmaysizlarmi?!
11.25 . Darhaqiqat, Nuhni o'z qavmiga (payg'ambar qilib) yubordik. (U dedi): "Men sizlarga aniq ogohlantiruvchiman.
11.26 . Allohdan o'zgaga sig'inmangizlar! Men sizlarga alamli azob (kelishi)dan qo'rqaman".
11.27 . Bas, qavmi orasidagi kufrga ketgan zodagonlari dedilar: "Seni (biz) xuddi o'zimizdek (oddiy) inson deb bilamiz va senga faqat bechorahol kishilargina (o'ylamay) bir ko'rishda ergashayotganini ko'rayapmiz. Sizlarning bizdan ortiq joyingizni ko'rmayapmiz. Balki sizlarni yolg'onchi deb gumon qilmoqdamiz".
11.28 . (Nuh) dedi: "Ey, qavmim! Qani aytingchi, agar Rabbimdan (yuborilgan) hujjatga ega bo'lsam va U menga o'z dargohidan rahmat (payg'ambarlik) ato etgan bo'lsa-yu, sizlarga (bu) mavhum qilib ko'rsatilgan bo'lsa, Sizlar uni yoqtirmagan hollaringda uni sizlarga majburlaymizmi?!
11.29 . Ey, qavmim! Sizlardan u (payg'ambarlik xizmati) uchun mol-dunyo so'ramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Men (sizlarning talabingiz bilan) imon keltirganlarni (huzurimdan) quvib chiqaruvchi emasman. Zero, ular Parvardigorlari bilan ro'baro' bo'luvchilardir. Lekin sizlarning johil qavm ekanligingizni ko'rib turibman.
11.30 . Ey, qavmim! Agar ularni haydasam Allohning (azobi)dan menga kim yordam beradi? Bas, eslamaysizlarmi?!
11.31 . (Men) sizlarga, huzurimda "Allohning xazinalari bor" ham demayman. G'aybni ham bilmayman. "Men farishtaman" ham demayman. Ko'zlaring mensimayotgan (faqir) kishilar to'g'risida, Alloh ularga biror yaxshilik bermaydi ham demayman. Ularning ichlaridagi (imon va ixlos)ni Alloh yaxshiroq bilur. Men (bilaman desam), u holda zolimlardan bo'lib qolurman."
11.32 . Ular (Nuh qavmi) dedilar: "Ey, Nuh! Biz bilan bahslashding, lekin bahsni ko'p qilib yubording. Bas, agar rostgo'ylardan bo'lsang, bizga o'sha cho'chitgan narsang (azob)ni keltir!"
11.33 . (Nuh) dedi: "Uni Alloh xohlasa, albatta, keltiradi. Sizlar esa, ojiz qoldiruvchi (yenguvchi) emassizlar.
11.34 . Agar Alloh sizlarni og'dirishni istab turgan bo'lsa, (men) sizlarga nasihat qilishni istaganim bilan sizlarga nasihatim foyda bermaydi. U Rabbingizdir va Uning huzuriga qaytarilajaksizlar".
11.35 . Yoki (kofirlar): "Uning (Nuhning) o'zi to'qiyapti" deyishyaptimi? Ayt: "Agar to'qigan bo'lsam, jinoyatim o'zimga-ku! Men sizlarning qilayotgan jinoyatingiz (kufringiz)dan pokdurman".
11.36 . Nuhga vahiy qilindi: "Qavmingdan (hozirgacha) imon keltirganlaridan boshqa hech kim endi imon keltirmas. Bas, ularning qilayotgan ishlari sababli tashvish chekmagin!
11.37 . Bizning himoyamiz va vahiymiz bilan kemani yasagin va zulm qilganlar haqida Menga (asragin deb) xitob qilmagin! Ular, albatta, g'arq qilinuvchilardir!"
11.38 . Kemani yasayboshladi. Qavmining zodagonlari har gal uning oldidan o'tganlarida uni masxara qilardilar. (Nuh) dedi: "Agar bizni masxara qilsangiz, sizlar masxara qilganlaringdek, biz ham (yaqinda) sizlarni masxara qilajakmiz.
11.39 . Bas, yaqinda kimga xorlovchi azob va unga mangu azob tushishini bilursiz".
11.40 . To Bizning buyrug'imiz (azobimiz-to'fon) kelib, ishlar keskinlashgach, aytdik: "(Ey, Nuh!) Unga (kemaga) har bir (jonivor)dan bir juft - ikkitadan va ahling (oila a'zolaring)ni, illo (ahlingdan kimlarga g'arq bo'lishi haqida Bizdan) so'z kechgan bo'lsa, ular mustasno, hamda imon keltirganlarni ort." Vaholanki, u bilan birga imon keltirganlar ozchilikdir.
11.41 . (Nuh) dedi: "Unga (kemaga) mininglar! Uning suzishi ham, to'xtashi ham Allohning ismi bilandir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmlidir".
11.42 . U (kema) ularni tog'lardek to'lqinlar ichida olib borar ekan, Nuh chekkada turgan o'g'lini chaqirib dedi: "Ey, o'g'ilcham! Biz bilan birga (kemaga) mingin! Kofirlar bilan birga bo'lmagin!"
11.43 . U (o'g'li) dedi: "Meni suvdan saqlaydigan biror toqqa (chiqib) panoh toparman". (Nuh) dedi: "Bugun U rahm qilganlardan boshqasiga Allohning amridan saqlab qoluvchi (hech qanday kuch) yo'qdir". (Shu payt) ikkisining o'rtasini bir to'lqin to'sdi va (o'g'li) g'arq qilinganlardan bo'ldi.
11.44 . (So'ngra) aytildi: "Ey, Yer! Suvingni yutgin! Ey, osmon! O'zingni tutgin (yog'ishni bas qil!)" Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog'i) uzra qo'ndi hamda "Zolimlar qavmiga - halokat!" - deyildi.
11.45 . Nuh Rabbiga nido qilib dedi: "Rabbim! O'g'lim mening ahlimdan. Sening (oilamni saqlashga bergan) va'dang esa haq va Sen hukm qiluvchilarning eng donosi (va odili)san".
11.46 . (Alloh) dedi "Ey, Nuh! U sening ahlingdan emas! Albatta, u (uning qilgani) yaxshi ish emas. Bas, Mendan o'zing (yaxshi) bilmagan narsani so'ramagin! Men senga johillardan bo'lishingdan (qaytarib) nasihat qilaman".
11.47 . (Nuh) aytdi: "Rabbim! Men Sendan o'zim (yaxshi) bilmagan narsani so'rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lurman".
11.48 . Aytildi: "Ey, Nuh! Bizdan (bo'lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin! (Ummatingdan kelajakda shunday kofir) jamoalar ham bo'ladiki, ularni ozgina bahramand qilurmiz, so'ngra ularni Bizdan (yuboriluvchi) alamli azob tutar".
11.49 . (Ey, Muhammad!) Bular Biz Sizga vahiy qilayotgan g'ayb xabarlaridandir. Bularni ilgari na Siz va na qavmingiz bilar edingiz. Bas, sabr qiling! Albatta, oqibat (yutuq) taqvodorlarnikidir.
11.50 . Od (qabilasi)ga birodarlari Hudni (payg'ambar etib yubordik). U aytdi: "Ey, Qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlarga Undan o'zga iloh yo'qdir! Sizlar (soxta ilohlarni) faqat o'zlaringiz to'qib oluvchisizlar.
11.51 . Ey, qavmim! Cizlardan (elchilik xizmati uchun) haq so'ramayman. Mening ajrim (mukofotim) faqat meni yaratgan Zot zimmasidadir. Aqlni ishlatmaysizlarmi?!
11.52 . Ey, qavmim! Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangiz, so'ngra Unga tavba qilingiz, shunda U osmondan (yomg'ir) yog'dirar va quvvatingizga quvvat qo'shar. Jinoyatchi bo'lib ketmangizlar!"
11.53 . (Ular) dedilar: "Ey, Hud! Bizga biror hujjat keltirmading. Biz sening (quruq) gaping bilan ilohlarimizni tark etuvchi ham, senga ishonuvchi ham emasmiz.
11.54 . Biz seni balkim ilohlarimizdan birortasi chalib ketgandir, demoqchimiz." (Hud) dedi: "Men Allohni guvoh qilaman va sizlar ham guvoh bo'lingizlarki, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezorman.
11.55 . (Zero, u) Allohdan o'zgadir. Bas, endi hammangiz menga makr qilaveringiz, so'ngra menga (uni) kechiktirib o'tirmangizlar!
11.56 . Men Rabbim va Rabbingiz - Allohga tavakkul qildim. O'rmalovchi (jonivor) borki, uning inon-ixtiyori (tasarrufi) Uning qo'lidadir. Albatta, Rabbim to'g'ri yo'ldadir.
11.57 . Agar sizlar (imon va tavbadan) bosh tortsangiz, bas, sizlarga yetkazishim topshirilgan narsani sizlarga yetkazib bo'ldim. Rabbim sizlardan boshqa qavmni o'rinlaringizga xalifa qilib keltirur. Sizlar esa Unga zarar yetkaza olmaysizlar. Albatta, Rabbim hamma narsani qo'riqlovchidir".
11.58 . Amrimiz (shamol azobi) kelgach, Hudni va u bilan birga imon keltirganlarni Bizdan (bo'lmish) marhamat tufayli xalos etdik va ularga qattiq azobdan najot berdik.
11.59 . Ana shular Od (qabilasi)dir. (Ular) Parvardigorlarining oyatlarini inkor etdilar, payg'ambarlariga itoatsizlak qildilar va har qanday zolimu qaysarlarning buyruqlariga ergashdilar.
11.60 . Ularga ushbu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la'nat yetib turur. Ogoh bo'ling, albatta, Od (qabilasi) Parvardigorlarini inkor etgan edilar. Ogoh bo'ling, Hudning qavmi – Od qabilasi)ga halokat bo'lsin!
11.61 . Samud (qabilasiga) birodarlari Solihni (payg'ambar etib yubordik). (U) aytdi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningizlar! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'q. U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi. Bas, Undan kechirim so'rangizlar, so'ngra Unga tavba etingizlar! Albatta, Rabbim yaqin va (duolarni) ijobat etuvchidir".
11.62 . (Ular) dedilar: "Ey, Solih! Bundan oldin umid qilinadigan kishi eding. (Endi) bizni bobolarimiz sig'inadigan narsalarga sig'inishimizdan man etasanmi? Biz sen da'vat etayotgan narsangdan shak shubhadamiz".
11.63 . (Solih) aytdi: "Ey, qavmim! (O'ylab) Ko'rdingizmi, mabodo Rabbim tomonidan hujjatim bo'lib, O'zi tomonidan rahmat (payg'ambarlik) bergan bo'lsa-yu, (men) Unga itoatsizlik qilsam, Alloh (jazosi)dan meni kim yordam beradi (qutqaradi)? Menga ziyondanboshqa(narsa)orttirmayapsizlar.
11.64 . Ey, qavmim! Mana bu - Allohning mo''jizali tuyasi. Bas, uni Allohning yerida o'tlab yurishiga qo'yib beringlar va unga biror yomonlik yetkazmangizlar. Aks holda sizlarni yaqin azob tutar".
11.65 . Bas, uni (tuyani) so'ydilar. (Solih) dedi: "Uylaringizda uch kun (hayotdan) bahramand bo'lib turingiz! Bu yolg'ondan tashqari va'dadir".
11.66 . Buyrug'imiz (azobimiz) kelgach, Solihni va u bilan birga imon keltirganlarni Bizdan bo'lmish rahmat bilan (azobdan) va o'sha kunning sharmandaligidan xalos etdik. Albatta, Rabbingiz kuchli va qudratlidir!
11.67 . Zulm qilganlarni qichqiriq* tutdi. Bas, (ular o'z) uylarida murdaga aylandilar.
11.68 . Go'yo u yerda (oldin) yashamagandek (izlari o'chib ketdi). Ogoh bo'lingizki, Samud (qabilasi) Parvardigorini inkor etgan edilar. Ogohlaningki, Samud (qavmi)ga halokat yetsin!
11.69 . Ibrohimga elchilarimiz (farzandli bo'lishi haqida) xushxabar keltirdilar va "Salom!" dedilar. U ham "Salom!" dedi-da, hech qancha vaqt o'tmay, bir buzoq (go'shtining tandir) kabobini keltirdi.
11.70 . Unga (taomga) qo'l cho'zishmaganini ko'rgach, (Ibrohim) ularni yotsiradi va ulardan qattiq qo'rqib ketdi. (Ular) dedilar: "Qo'rqma! Biz Lut (qavmi)ga yuborilganmiz".
11.71 . Xotini (Sora) turgan edi, kulib yubordi. Unga Ishoq (nomli farzand) va Ishoqning orqasidan Ya'qub (ismli nabira berishimiz) haqida xushxabar berdik.
11.72 . (Sora) dedi: "Voy, o'lmasam! O'zim kampir va bu erim qariya bo'laturib, tug'amanmi?! Bu juda qiziq narsa-ku!"
11.73 . (Farishtalar) dedilar: "Allohning ishidan ajablanasanmi?! Ey, xonadon ahli, sizlarga Allohning rahmati va barakoti bo'lsin! Albatta, U hamd va ulug'lik egasidir".
11.74 . Ibrohimdan qo'rquv ketib, unga xushxabar yetgach, Biz bilan Lut qavmi (halokati) to'g'risida bahslasha boshladi.
11.75 . Albatta, Ibrohim halim, serqayg'u vasertavbadir.
11.76 . (Farishtalar): "Ey, Ibrohim! Bu (bahs)dan qayt! Zero, Rabbingning amri (Lut qavmiga atagan azobi) kelib bo'lgan. Ularga qaytarilmas azob kelgusidir!"
11.77 . Elchilarimiz Lutning huzuriga kelganlarida ular sababli (holi) yomonlashdi va ular tufayli tashvish chekdi* hamda "Bu – og'ir kun!" dedi.
11.78 . Uning (Lutning) oldiga qavmi yugurib keldilar. Oldindan (ular) yomon ishlar (bachchabozlik) qilar edilar. U (Lut) dedi: "Ey, qavmim! Ana ular qizlarim (Ularga uylaninglar). Ular sizlar uchun pokroqdir*. Bas, Allohdan qo'rqingizlar va mehmonim oldida meni sharmanda qilmangizlar! Sizlarda birorta to'g'ri odam yo'qmi?!" Izoh: Lut (a.s.) o'z qizlarini kofir qavmiga erga berishga rozi bo'lishlarining sababi qadim davrdan to Payg'ambarimiz Muhammad (a.s.) ning ilk da'vat zamonalarigacha musulmon qizni kofirga nikohi joiz bo'lgan. Rasululloh qizlaridan birini Abu Lahabning o'g'liga nikohlab, keyinroq ajratib olganlari Islom tarixidan ma'lum.
11.79 . (Ular) dedilar: "Bizning qizlaringga hojatimiz yo'qligini bilasan va bizning maqsadimiz ham senga ma'lum".
11.80 . (Lut) dedi: "Qani edi, sizlarga quvvatim yetsa yoki bir kuchli suyanchiqqa suyana olsam?!"
11.81 . (Farishtalar) aytdilar: "Ey, Lut! Biz Rabbingning elchilarimiz. (Qavming) senga sira yeta olmaslar (tega olmaslar). Bas, tunning bir qismida oilangni olib ket! Sizlardan biror kishi ortiga boqmasin! Xotiningni esa qo'yaver! Zero, ularga yetgan narsa (azob) unga ham yetqusidir. Ularga va'da qilingan vaqt bomdod vaqtidir. Bomdod yaqin emasmi?!"
11.82 . Farmonimiz (azobimiz) kelganida u yerni ostin-ustun qilib yubordik va u yerga qizitilgan g'ishtdan iborat toshlarni paydar-pay yog'dirdik.
11.83 . (U toshlar) Rabbingiz huzurida belgili qilib qo'yilgan edi. U (toshlar) zolimlarga uzoq emasdir.
11.84 . Madyan (qavmi)ga birodari Shuaybni (elchi - payg'ambar etib yubordik). (U) dedi: "Ey, qavmim! Allohga sig'iningiz! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. O'lchov va vazndan urib qolmangiz. Men sizlarni (hozircha) yaxshilik (farovonlik)da ko'rib turibman va men sizlarga (hammani) qamrab oluvchi kun (qiyomat)ning azobi (bo'lishi)dan qo'rqaman.
11.85 . Ey, qavmim! O'lchov va vaznni adolat bilan to'la beringiz! Odamlarning narsalarini urib qolmangiz va Yerda fasod ishlarini qilib, buzg'unchilik qilmangiz!"
11.86 . Agar mo'min bo'lsangiz (bilib qo'yingizki), Allohning (halol kasbdan) qoldirgani sizlar uchun yaxshidir. Men esa, sizlarga qo'riqchi emasman".
11.87 . (Ular) dedilar: "Ey, Shuayb! Ota-bobolarimiz sig'inib kelayotgan narsa (ma'buda)larni tark etishimizga yoki mol-mulklarimizni qanday xohlasak, shunday boshqarishimiz (mumkin emasligi) haqida senga namozing buyruq beradimi? Axir, sen halim va to'g'ri eding-ku?!"
11.88 . (Shuayb) dedi: "Ey, qavmim? (O'ylab) ko'rdingizmi, agar (men) Rabbim tomonidan hujjatga ega bo'lsam va (U) meni yaxshi rizq bilan ta'minlagan bo'lsa (qanday qilib sizlarni yomon ishlardan qaytarmayin?). Men sizlarga muxoliflik qilib, sizlarni qaytarayotgan narsani o'zim qilishni istamayman. Islohdan o'zga hech narsani imkonim boricha xohlamasman. (Bunga) muvaffaq qilish esa Allohning ixtiyoridadir. Unga tavvakul etdim va Unga inobat qildim (ixtiyorimni topshirdim).
11.89 . Ey, qavmim? Menga xilof qilishingiz sizlarga Nuh qavmiga yo Hud qavmiga yoki Solih qavmiga yetganga o'xshagan balolar yetishiga olib kelmasin, tag'in! Lut ham sizlardan uzoq emas.
11.90 . Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangiz, so'ngra Unga tavba qilingiz! Albatta, Rabbim rahmli va do'stlashuvchi zotdir".
11.91 . Dedilar: "Ey, Shuayb! Sening aytayotganlaringdan ko'pini anglamayapmiz va biz sening oramizdagi bir ojiz (inson) ekanligingni ko'rmoqdamiz. Agar qarindoshlaring bo'lmaganida, seni toshbo'ron qilgan bo'lur edik. Sen biz uchun aziz odam emassan."
11.92 . (Shuayb) dedi: "Ey, qavmim! Sizlar uchun qarindoshlarim Allohdan ham azizroqmi? (Shuning) uchun Uni ortingizga (e'tiborsiz) tashlab qo'ydingizmi? Albatta, Rabbim qilmishlaringni qamrab oluvchidir.
11.93 . Ey, qavmim! Maqomingizda (e'tiqodingizda) turib ish qilaveringiz! Men ham ish qiluvchiman. So'ngra kimga xor qiluvchi azob kelishi va kim yolg'onchi ekanini bilursiz. (Kutib) kuzatib turingiz! Men ham sizlar bilan birga kuzatuvchidirman".
11.94 . Amrimiz (azobimiz) kelganda esa, Shuaybga va u bilan birga imon keltirganlarga Bizdan (bo'lmish) rahmat sababli najot berdik. Zulm qilganlarni esa, qichqiriq tutdi. Bas, (ular) uylarida murdaga aylandilar.
11.95 . Go'yo u yerda (oldin) yashamagandek (izlari o'chib ketdi). Ogohlaningki, Samud (qavmi)ga halokat yetgani kabi Madyan (qavmi)ga ham halokat yetsin!
11.96 . Darvoqe, Musoni oyatlarimiz va aniq hujjat (mo''jizali aso) bilan elchi qilib,
11.97 . Fir'avn va uning zodagonlari huzuriga yubordik. Ular esa, Fir'avnning buyrug'iga ergashdilar. Vaholanki, Fir'avnning buyrug'i to'g'ri emas edi.
11.98 . U (Fir'avn) qiyomat kuni (o'z) qavmini ergashtirib, ularni do'zaxga tushirur. (Ular) tushadigan yer qanday ham yomon yer?!
11.99 . Ularga ushbu (dunyo)da ham, qiyomat kunida ham la'nat yetkazilur. Berilgan "yordam" qanday ham yomon yordam?!
11.100 . Ana shu Biz Sizga (ey, Muhammad,) qissasini aytayotgan shaharlarning xabarlaridandir. Ulardan (hozirgacha) turgani va (yo'q bo'lib) bitgani bor.
11.101 . Ularga Biz zulm qilmadik, balki o'zlariga (o'zlari) zulm qildilar. Rabbingiz amri (azobi) kelganda esa, Allohni qo'yib sig'ingan (ma'buda)lari hech ham foyda bermadi va ularga ziyondan boshqa narsani orttirmadi.
11.102 . Aholisi zolim yurtlarni tutganda Rabbingizning tutishi shundaydir. Albatta, Uning tutishi alamli va shiddatlidir.
11.103 . Albatta, bunda oxirat azobidan ko'rqqanlar uchun ibrat bordir. Bu kun odamlar to'planadigan va hozir bo'linadigan kundir.
11.104 . U (kun)ni faqat sanoqli muddatgachagina kechiktiramiz.
11.105 . (U) kelgan kuni hech bir jon (egasi) Uning ruxsatisiz gapirmas. Ular ichida baxtsiz ham, baxtli (insonlar) ham bo'lur.
11.106 . Bas, o'shanda baxtsiz bo'lganlar do'zaxda bo'lurlar va ular u yerda ingrab-hangrab tururlar.
11.107 .Modomiki (oxiratdagi) osmonlar va yer bor ekan, (ular) u yerda mangudirlar, illo Rabbingiz xohlagani bundan mustasnodir. Albatta, Rabbingiz istagan narsasini amalga oshiruvchidir!
11.108 . Ammo baxtli bo'lganlar esa, bas, jannatda, to (oxiratdagi) osmonlar va yer turguncha u yerda mangu tururlar, illo Rabbingiz xohlagani bundan mustasnodir. (Bu) bitmas ne'matdir.
11.109 . Ana o'sha (mushrik)lar sig'inayotgan narsa tufayli shubhada qolmang? (Ular) oldin ota-bobolari sig'ingandek sig'inaveradilar. Biz ham ularning ulushlarini kamaytirmasdan to'la beruvchidirmiz.
11.110 . Musoga ham Kitob bergan edik. Bas, u haqda ixtilof qilindi. Agar Rabbingizdan (kechiktirish haqida) so'z kechmaganda edi, ularning o'rtalarida (shu dunyoda) hukm chiqarilgan bo'lur edi. Ular (mushriklar) u (Qur'on yoki azob) to'g'risida shak-shubhadadirlar.
11.111 . Barchaga, albatta, Rabbingiz amallari (mukofoti va jazosi)ni mukammal berur. Zero, U (ularning) qilayotgan ishlaridan xabardordir.
11.112 . Bas, buyurilganingizdek to'g'ri bo'ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to'g'ri) bo'lsinlar! Haddan oshib ketmangizlar! Albatta, U qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir.
11.113 . Zulm qilganlarga suyanmangiz, toki sizlarga (do'zaxdan) olov yetmasin! Sizlar uchun Allohdan o'zga do'st yo'qdir. So'ngra sizlarga (qiyomatda ham) yordam berilmas.
11.114 . Kunning har ikki tarafida (ya'ni, ertayu kech) va tunning bir bo'lagida namoz o'qing! Albatta, ezgu ishlar gunohlarni ketkazadi. Bu yod etuvchilar uchun yodnomadir.
11.115 . Sabr qiling! Bas, albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar mukofotini zoye qilmas.
11.116 . (Qani endi) sizlardan oldingi asrlarda o'tgan fazilat egalari yer (yuzi)dagi fasod (ishlar)dan qaytarganlarida edi? Lekin ular ichida Biz najot berganlardan ozchiligi (bu) ishni qildilar. Zulm qilganlar o'z rohat-farog'atlari ketidan ketdilar va jinoyatchi bo'lib qoldilar.
11.117 . Rabbingiz aholisi islohotchi bo'lgan shaharlarni zulm bilan halok etuvchi emasdir!
11.118 .Agar Rabbingiz xohlaganida edi, (barcha) odamlarni bir ummat (bir din) qilgan bo'lur edi. (Ular) mudom turlicha (har xil e'tiqodda) bo'lib borurlar.
11.119 . Rabbingiz rahm qilgan kishilar esa bundan mustasnodirlar. Ularni shuning uchun yaratgandir. Rabbingizning "Jahannamni barcha (kufrda o'tgan) jinlar va odamlar bilan to'ldirajakman", - degan so'zi haqdir.
11.120 . Sizga (ey, Muhammad!) Payg'ambarlarning xabarlaridan dilingizga sabot baxsh etadiganlarini aytib bermoqdamiz. Bu (qissalar)da haqiqat, mo'minlar uchun nasihat va eslatma keldi.
11.121 . Imon keltirmaydiganlarga ayting: "O'z hollaringcha ish qilaveringiz! Biz ham ish qiluvchilarmiz.
11.122 . Kutaveringiz ham. Biz ham kutuvchilarmiz".
11.123 . Osmonlar va Yerning g'aybiy siri Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g'ofil emasdir.